date

Eron JCHga yo‘l oldi, lekin AQSHda o‘ynay olmasligi mumkin

Eron JCHga yo‘l oldi, lekin AQSHda o‘ynay olmasligi mumkin
2026 yilda AQSH, Kanada va Meksika mezbonlik qiladigan Jahon chempionatiga yo‘llanma olgan Eron terma jamoasi siyosiy ziddiyatlar tufayli musobaqani o‘tkazib yuborishi mumkin. Saralash bosqichida “A” guruhida yetakchi sifatida finish qilgan Forslar O‘zbekiston va BAA jamoalarini ortda qoldirib, mundialga to‘g‘ridan to‘g‘ri yo‘llanmani qo‘lga kiritgandi.

Biroq, bu muvaffaqiyat xalqaro siyosiy muammolar tufayli murakkablashishi mumkin. Britaniya va Amerika ommaviy axborot vositalarida tarqalgan xabarlarga ko‘ra, AQSH prezidenti Donald Tramp tomonidan eronliklar uchun mamlakatga kirishni taqiqlovchi qonun loyihasi imzolangan. Agar bu qaror kuchga kirsa, Eron terma jamoasi Qo‘shma Shtatlarda o‘yin o‘tkazish imkoniyatidan mahrum bo‘ladi.

FIFA hozircha rasmiy munosabat bildirmagan bo‘lsa-da, tashkilot rahbari Janni Infantinoga bosim ortmoqda. Xalqaro jamoatchilik va ommaviy axborot vositalari FIFAdan aniq pozitsiya kutayotgan bir paytda, bir qancha alternativ takliflar ham muhokama qilinmoqda. Jumladan, Eronning guruh bosqichidagi barcha uchrashuvlarini Meksikada o‘tkazish varianti ham ko‘rib chiqilyapti.

Biroq muammo shundaki, agar Eron keyingi bosqichga chiqsa, ya’ni pley-off bosqichiga yo‘l olsa, bu logistika va xavfsizlik nuqtayi nazaridan murakkablik tug‘diradi. Qolaversa, turnir mezbonlaridan biri bo‘lgan AQSHdagi keng qamrovli infratuzilma va muxlislar soni eronliklar uchun muhim sport sahnasidan voz kechishga olib kelishi mumkin.

Ayni paytda Eron futbol federatsiyasi vaziyatni nazorat ostida ushlab turishga harakat qilmoqda va FIFA bilan doimiy aloqada. Muxlislar esa milliy jamoaning mundialda ishtirok etishini orzu qilib turishibdi — bu sportda siyosat aralashmasligi kerak degan umuminsoniy tamoyilning yana bir sinovi bo‘lishi mumkin.
Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing
Yangiliklar » Sport » Eron JCHga yo‘l oldi, lekin AQSHda o‘ynay olmasligi mumkin