
Superliganing 14-turidan o‘rin olgan markaziy qarama-qarshilik — haqiqiy derbi kayfiyatini uyg‘otadigan to‘qnashuv sifatida kutilmoqda. “Markaziy” stadionda muxlislar zamonaviy o‘zbek futbolining ikki yetakchi jamoasi — Qarshining “Nasaf” va Toshkentning “Paxtakor” klublari to‘qnashuviga guvoh bo‘ladilar.
Mavsumni mag‘lubiyatsiz boshlab, yuqori tempda davom etayotgan “Nasaf” jamoasi bugungi kunda jiddiy sport formasiga kirib olgan va o‘z uyida raqiblariga “ha” dedirmayotgan holda harakat qilmoqda. Oxirgi turlardagi ishonchli o‘yinlar — buning yaqqol isboti.
Shu paytgacha bu ikki jamoa chempionat doirasida 56 bor kuch sinashgan. Umumiy tarixda “Paxtakor” ustun — 30 bor zafar quchgan. “Ajdarlar” 12 marta g‘alaba qozongan, 14 uchrashuv durang bilan yakunlangan. Ammo Qarshidagi janglar ancha dramatik bo‘lgan. 28 uchrashuvning 10 tasida “Nasaf” g‘alaba qozongan, 9 tasida “Paxtakor”, qolgan 9si esa durang bilan yakunlangan.
E’tiborlisi, “Paxtakor” Qarshida 2021 yildan buyon na g‘alaba qozongan va na to‘p kirita olgan. O‘sha paytdagi 3:2 hisobidagi dramatik g‘alabadan keyingi uchrashuvlarda gollarsiz duranglar va “Nasaf”ning 1:0 hisobidagi g‘alabasi qayd etilgan. Toshkentliklar uchun bu — javob qaytarish payti, “Nasaf” uchun esa tarixni davom ettirish imkoniyati.
Har ikki jamoa joriy mavsumda yuqori saviyadagi o‘yinlar bilan muxlislar mehrini qozonmoqda. Shu sabab, ertaga soat 20:00da boshlanadigan bellashuvda har bir gol, har bir kombinatsiya va har bir harakat alohida ahamiyatga ega bo‘ladi. Bu nafaqat ochkolar uchun kurash, balki g‘urur va tarix uchun to‘qnashuv hamdir. “Zamin”ni Telegramʻda oʻqing!
Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing Mavzuga oid yangiliklar