
Klublar o‘rtasidagi Jahon chempionati “G” guruhining so‘nggi turidan joy olgan katta qarama-qarshilik — “Yuventus” va “Manchester Siti” o‘rtasidagi to‘qnashuv kutilganidek tinimsiz ritmda va gollarga boy tarzda o‘tdi. Bellashuv 27 iyun kuni AQSHdagi Camping World Stadium arenasida bo‘lib o‘tdi.
Uchrashuvda Hosep Gvardiola boshchiligidagi “shaharliklar” yuqori temp, yuqori aniqlik va o‘ta ishonchli harakatlari bilan italiyaliklarni taslim etishdi. 5:2 — bu nafaqat yirik g‘alaba, balki butun guruh bosqichini mukammal yakunlash ramziga aylandi.
— Birinchi bo‘limda nima bo‘ldi?
9-daqiqada Jeremi Doku “Manchester Siti” uchun hisobni ochdi — u raqib himoyasini “eritib”, chiroyli zarba bilan darvozani ishg‘ol qildi. Ammo “Yuventus” javobsiz qolmadi: 11-daqiqada Kopmeyners hisobni tenglashtirdi.
Shu bilan barobarida, 26-daqiqada tasodifiy gol vaziyatni o‘zgartirdi — Per Kalulu o‘z darvozasini ishg‘ol qilib qo‘ydi va angliyaliklar qayta oldinga chiqishdi.
— Ikkinchi bo‘limda vaziyat qanday o‘zgardi?
52-daqiqada Xoland, 69-daqiqada Foden va 75-daqiqada Savino o‘z nomlarini gol mualliflari ro‘yxatiga yozdi. Hatto 84-daqiqaga kelib Vlaxovich jamoadoshi Yildizning aniq pasini golga aylantirgan bo‘lsa ham, bu “Yuventus” uchun faqat taskin vazifasini o‘tadi, xolos.
“Yuventus” — “Manchester Siti” 2:5
Gollar: 0:1 — Doku (9), 1:1 — Kompeyners (11), 1:2 — Kalulu (26, avtogol), 1:3 — Holand (52), 1:4 — Foden (69), 1:5 — Savino (75), 2:5 — Vlahovich (84)
— Hamyurtimizchi?
Umid bilan kutilgan Abduqodir Husanov bu uchrashuvda zaxirada qoldi, unga imkoniyat berilmadi. Ammo buning o‘ziyoq uning qanday yuksak raqobat muhitida ekanini ko‘rsatadi.
— Nima xulosa qildik?
“Manchester Siti” ushbu g‘alaba orqali guruhdagi barcha o‘yinlarda yutib, 100 foiz natija bilan pley-off bosqichiga yo‘l oldi. Gvardiolaning jamoasi nafaqat g‘alaba qozondi, balki futbolni san’at darajasida ijro etdi. “Yuventus” esa 6 ochko bilan 2-o‘rinni egallab, keyingi bosqichga yo‘l oldi.
Musobaqa davom etadi va ko‘pchilikni bitta savol qiziqtirmoqda: “Siti” Klublar o‘rtasida jahon chempioni titulini qo‘lga kirita oladimi?.. “Zamin”ni Telegramʻda oʻqing!
Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing