date

O‘zbekiston ayollar termasi Shri-Lankaga qarshi maydonga chiqadi

O‘zbekiston ayollar termasi Shri-Lankaga qarshi maydonga chiqadi
2026 yilgi ayollar o‘rtasidagi Osiyo kubogi saralash bahslariga yurtimizda rasman start berildi. Ayni vaqtda futbol muxlislari diqqati Toshkentdagi “Bunyodkor” stadioniga qaratilgan. Chunki aynan shu yerda Kotrina Kulbite boshchiligidagi O‘zbekiston ayollar milliy terma jamoasi o‘zining birinchi rasmiy uchrashuvini o‘tkazadi. Ilk raqib – Shri-Lanka terma jamoasi.

Bellashuv 29 iyun kuni soat 19:30 da boshlanadi. Bu jamoamiz uchun muhim sinov, muhim imtihon. Termamiz so‘nggi oylarda jiddiy tayyorgarlik ko‘rdi, bir qator o‘rtoqlik uchrashuvlarini o‘tkazdi va so‘nggi tarkibiy o‘zgarishlar orqali jamoaviy uyg‘unlikka alohida e’tibor qaratdi. Endi esa bu barcha sa’y-harakatlar samarasi amalda ko‘rinadigan pallaga yetdi.

Ushbu saralash bosqichi uchun terma jamoamizga 26 nafar iqtidorli futbolchi jalb etildi. Ularning aksariyati “Sevinch”, “Bunyodkor-W”, “OKMK-W” kabi yetakchi ayollar jamoalari safidan. Shuningdek, legionerlarimiz orasida Turkiyadagi “Trabzonspor” klubida to‘p surayotgan Diyoraxon Xabibullayeva ham bor. Bu esa termada tajriba va xalqaro o‘yin madaniyatining uyg‘unlashuvi ta’minlanganini anglatadi.

Tarkibda Kamola Zaripova, Ilvina Ablyakimova, Laylo Tilovova, Madina Xikimatova, Shodiyo Tosheva, Dilnura Mamlakatova, Asalxon Aminiyonova, Ominaxon Valixanova kabi iqtidorlar jamoaning o‘q-dori ombori ekanini ko‘rsatadi. Jamoaning bosh murabbiyi – litvalik mutaxassis Kotrina Kulbite ayni paytda tarkibdagi raqobat va salohiyatga ishonch bildirmoqda.

Eslatib o‘tamiz, bu saralash bosqichi 2026 yili Avstraliyada o‘tadigan Osiyo kubogiga yo‘llanma olish uchun o‘tadigan muhim bosqich hisoblanadi. Bu nafaqat terma jamoamiz uchun, balki ayollar futboli ravnaqi uchun ham juda katta imkoniyat.

Futbol muxlislari uchun esa bugungi kecha nafaqat to‘p surish, balki iftixor va ehtiros kechasiga aylanishi mumkin. Chunki ayollar termamiz o‘z yurti, o‘z muxlislari ko‘z o‘ngida muhim qadamni tashlamoqda. Bunday pallada jamoamizni qo‘llab-quvvatlash har bir sport sevar fuqaroning vazifasidir.
Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing
Yangiliklar » Sport » O‘zbekiston ayollar termasi Shri-Lankaga qarshi maydonga chiqadi