date

Kamoliddin Tojiyev "Navbahor" ustidan qozonilgan g‘alaba haqida nimalar dedi?

Kamoliddin Tojiyev "Navbahor" ustidan qozonilgan g‘alaba haqida nimalar dedi?
Superliga 15-turidan o‘rin olgan "Paxtakor" - "Navbahor" uchrashuvidan so‘ng (2:0) mezbonlar bosh murabbiyi Kamoliddin Tojiyev matbuot anjumanida ishtirok etdi.

"Bugun o‘yinni to‘liq nazorat qildik. Yigitlarga bergan ko‘rsatmalarimiz va o‘yinga bo‘lgan rejamiz ishladi. Ko‘plab vaziyatlar yaratdik va hisob yanada yirikroq ko‘rinish olishi mumkin edi. Bugun futbolchilar terma jamoa darajasidagi o‘yinni namoyish etishdi. O‘zi barcha futbolchilarimiz terma jamoa o‘yinchilari. Ular bugun buni isbotlab berishdi" - deya fikr bildirdi Kamoliddin Tojiyev bugungi bahs haqida.

- O‘tgan mavsum ikkinchi davrada "Paxtakor" safarda "Navbahor"ga yirik 2:5 hisobida mag‘lub bo‘lgan. Bugun o‘sha yirik mag‘lubiyat bugungi uchrashuvda siz uchun qo‘shimcha motivatsiya bo‘ldimi?
- O‘sha uchrashuvda 2:2 vaqtida biz qizil kartochka olgan edik. Keyin hisob yiriklashib ketgan edi. Bu yerda yigitlarning o‘zida ham kuchli ishtiyoq bor edi. Yana o‘sha mag‘lubiyat.

- "Navbahor" jamoasining uchta asosiy futbolchilari Alisher Odilov, Abbos G‘ulomov va Ruslan Jiyanov bugun yorqin o‘yin namoyish eta olmadi. Himoyachilarga ushbu uchta futbolchini personal ravishda qo‘riqlash haqida ko‘rsatma bergan edingizmi?
- Biz o‘yinlarni ko‘rib chiqdik va tahlil qildik. "Navbahor" tezkor qanotlarga ega va shu sababli biz beshta himoyachi bilan o‘ynadik.

- "Navbahor" bugun siz kutganchalik qarshilik ko‘rsata oldimi?
- Raqibimiz so‘nggi 3-4ta uchrashuvda juda jiddiy o‘yin namoyish etayotgan edi. Bugun esa ularning o‘yini chiqmadi.

- "Paxtakor" tarkibidagi Muhammadali Usmonov va Shahzod Azmiddinov "Andijon" safiga o‘tayotgani haqida xabarlar tarqaldi. Ushbu xabarlar qanchalik rost?
- Bu haqda eshitmadim. Balki klubga ular bo‘yicha taklif tushgandir, ammo ular hozircha o‘zimizga kerak.

- Aziz Turg‘unboyev va Hojimat Erkinov "Paxtakor"ga qaytmoqda degan xabarlar chiqdi. Ushbu xabarlar qanchalik haqiqatga yaqin? Bobir Abdiholiqov ham jamoa bilan shartnoma imzoladi degan gaplar yuribdi...
- Bobir bilan 100% hal bo‘ldi. Erkinov bilan hali hamon muzokara olib boryapmiz. Hali aniq emas, ammo 90% masala hal. Turg‘unboyev hali noma’lum.

- "Paxtakor" hozir ajoyib formada. Siz istayotgan "Paxtakor" o‘yini qanday? Bugungi o‘yin siz istayotgan eng yaxshi o‘yinga qanchalik yaqin?
- Bugun juda yaxshi o‘ynadik. Shunday o‘ynashda davom etishimiz kerak. Hozir jismoniy tayyorgarlik ustida ish olib borishimiz kerak.

- Bugungi g‘alaba jamoa chempionlik poygasiga qaytishi uchun qanchalik yordam beradi?
- Biz hali chempionlik poygasini tark etmadik. Barchasi davom etmoqda. "Paxtakor" har doim oxirigacha kurashgan.

- Hojiakbar Alijonov qaydnomaga kiritilmadi. Umar Adhamzoda esa zaxirada qoldirildi. Bunga sabab nima?
- Alijonov bir necha kun oldin shamollab qoldi. Kecha klub shifokori unga ukol qildi, ammo bu yetarlicha bo‘lmadi. Futbolchi bugungi uchrashuvga tayyor emas edi. Umar esa o‘tgan uchrashuvda o‘ynadi. Bugun esa Mahamadjonovni o‘ynatishni reja qilgan edik.

- Bugungi uchrashuvni olti ochkolik o‘yin degan fikrga qo‘shilasizmi?
- Ha.

- "Paxtakor" chiroyli g‘alabaga erishdi, lekin jamoada realizatsiya masalasida jiddiy muammolar bor. Ushbu masalani qanday qilib bartaraf etmoqchisiz?
- Buning ustida faqat ishlash kerak. Boshqa yo‘l yo‘q. Oldinda tanaffus bor. Tanaffus davomida vaziyatlardan yaxshiroq foydalanishni mashq qilamiz.

- Kubokni ko‘pgina favorit jamoalar tark etdi. "Paxtakor"ning O‘zbekiston Kubogidagi imkoniyatlarini qanday baholaysiz?
- Hozir har bir jamoa bilan o‘ynash qiyin. Masalan, "Mobi-uz"ga qarshi ham so‘nggi daqiqalargacha o‘ynadik.

- Yozda jamoani tark etishi mumkin bo‘lgan o‘yinchilar ham bormi?
- Tarkibimizda o‘yin amaliyotiga ega bo‘lmay qolayotgan futbolchilar bor. Ular ko‘proq o‘yin vaqtiga ega bo‘lishlari kerak. Bu haqda tez orada bilib olasiz.
Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing
Yangiliklar » Sport » Kamoliddin Tojiyev "Navbahor" ustidan qozonilgan g‘alaba haqida nimalar dedi?