
Ijtimoiy tarmoq va telegram kanallarda kechagi "Dinamo" - "Nasaf" (2:2) o‘yinidan so‘ng "ajdarlar" matbuot xizmatida ishlovchi Sarvar Bobonazarovning samarqandlik muxlislar va klubni tahqirlovchi tvitlari juda ko‘p muhokamalarga sabab bo‘ldi. Ushbu vaziyat yuzasidan "Dinamo" klubi ham "Nasaf"dan tushuntirish so‘radi.
"Ajdarlar" matbuot xizmati ushbu holat yuzasidan bayonot bilan chiqdi:
Kecha O‘zbekiston Superligasi doirasida bo‘lib o‘tgan "Dinamo" – "Nasaf" uchrashuvi atrofida yuzaga kelgan noxush holat yuzasidan "Nasaf" futbol klubi quyidagilarni ma’lum qiladi.
Ayni vaqtda mehnat ta’tilida bo‘lgan matbuot xizmati xodimi Sarvar Bobonazarov mazkur uchrashuvda na bevosita, na bilvosita ishtirok etmagan va xizmat vazifasini bajarmagan. Biroq u o‘zining "X" (sobiq Twitter) ijtimoiy tarmog‘idagi sahifasida kechagi uchrashuv yuzasidan "Andijon" hamda "Dinamo" jamoalari muxlislari sha’niga nisbatan nomaqbul ifodalarni ishlatgan.
Ta’kidlash lozimki, mazkur shaxsiy fikrlar "Nasaf" futbol klubi pozitsiyasini aks ettirmaydi va klub har qanday ko‘rinishdagi haqorat va kamsitishlarni qoralaydi. Ushbu holat yuzasidan tanqidiy yig‘ilish o‘tkazilib, tushuntirish ishlari olib borildi va klub odob axloq qoidalarini qo‘pol ravishda buzganligi sababli Sarvar Bobonazarov bilan tuzilgan mehnat shartnomasi bekor qilindi.
"Nasaf" futbol klubi har doim barcha o‘zbek klublariga, shu jumladan Samarqand va Andijon jamoalari vakillari va muxlislariga nisbatan chuqur hurmat va do‘stona munosabatda bo‘lib kelgan hamda bu tamoyilga qat’iy amal qilishda davom etadi.
Yuzaga kelgan noqulay vaziyat uchun jamoatchilikdan uzr so‘raymiz", - deyiladi klub matbuot xizmatining rasmiy bayonotida. “Zamin”ni Telegramʻda oʻqing!
Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing Mavzuga oid yangiliklar