date

“Real”ning yosh yulduzi Endrike mavsumni jarohat bilan boshlaydi

“Real”ning yosh yulduzi Endrike mavsumni jarohat bilan boshlaydi
Madridning “Real” jamoasi yangi mavsum boshida yana bir muhim yo‘qotishga duch keldi. Jamoaning yosh va iqtidorli hujumchisi Endrike jarohat sabab ikki oyga safdan chiqdi, deb yozmoqda Footbal Espana.

Ma’lumotlarga ko‘ra, futbolchi klublar o‘rtasidagi Jahon chempionati doirasidagi mashg‘ulot paytida son qismining mushaklarini jiddiy jarohatlab olgan. Bu holat uni La Liganing dastlabki bosqichidan chetda qolishiga olib keladi.

Eslatib o‘tamiz, Ispaniya chempionatining yangi mavsumi 19 avgust kuni start oladi. O‘sha kuni “qirollik klubi” o‘z uyida “Osasuna” jamoasini qabul qiladi. Ammo Endrike ushbu bahsda jamoasiga yordam bera olmaydi.

Endrike – “Real”ning istiqbolli futbolchilaridan biri hisoblanadi. 18 yoshli braziliyalik yoshlar o‘rtasida ham allaqachon o‘z so‘zini aytgan. O‘tgan mavsum u 37 ta uchrashuvda maydonga tushgan bo‘lib, 7 ta gol kiritgan va 1 ta golli uzatma amalga oshirgan. Uning maydondagi harakatchanligi va hujumdagi faolligi jamoa murabbiylari tomonidan alohida baholangan.

Murabbiylar shtabi futbolchining sog‘ligi bilan bog‘liq masalada ehtiyotkorlikni tanladi. Shu bois, Endrikening to‘liq tiklanishigacha uni maydonga tushirish rejalashtirilmayapti. Bu qaror uning kelajagini saqlab qolish va jiddiyroq jarohatlarning oldini olish maqsadida qabul qilindi.

Futbol jamoatchiligi va muxlislar Endrikening tezroq safga qaytishiga umid bildirmoqda. Jamoa esa uning yo‘qligini his qilmaslik uchun tarkibdagi boshqa variantlarni ko‘rib chiqmoqda.

“Real Madrid” yangi mavsumga katta ishtiyoq bilan kirib kelmoqda, ammo Endrikening jarohati klub uchun jiddiy sinovlardan biri bo‘lishi mumkin.
Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing
Yangiliklar » Sport » “Real”ning yosh yulduzi Endrike mavsumni jarohat bilan boshlaydi