
So‘nggi besh yil ichida Eldor Shomurodov nafaqat O‘zbekiston terma jamoasining yetakchisiga, balki Yevropa maydonlarida taniqli forvardga aylandi.
Endilikda hamyurtimiz "Istanbul Bashakshehir" jamoasida to‘p tepadi. Tez orada uning oldiga Abbos Fayzullayev ham yo‘l olishi kutilmoqda. Biz bu borada mutaxassis va sobiq to‘purar Kamoliddin Murzoyevga yuzlandik.
— Eldor Shomurodovning Italiyadagi faoliyatiga qanday baho berish mumkin?
— O‘ylaymanki, Eldorning Italiyadagi 4,5 yillik faoliyati muvaffaqiyatli kechdi. Chunki aynan o‘zbek futboli rivojlanish bosqichida bo‘lgan paytda u top-5 chempionatlaridan biriga ilk bor yo‘l oldi va bir necha mavsum yuqori saviyadagi jamoalar safida to‘p tepdi. Bunday darajadagi chempionatda o‘ynash va o‘zini ko‘rsata olish oson emas. Shu nuqtayi nazardan, Eldor Italiyada o‘z o‘rnini topa oldi, desak mubolag‘a bo‘lmaydi.
— Shomurodovning Turkiyaga o‘tishi haqida qanday fikrdasiz? Italiyada qolishi yaxshiroq emasmidi yoki Istanbulda yetakchiga aylanish imkoniyati muhimroqmi?
— Bu transferga faqat shaxsiy nuqtayi nazardan emas, balki butun chempionat miqyosida qarash lozim. Menimcha, bu yerda ko‘proq klubning ambitsiyalari hal qiluvchi rol o‘ynagan. Oxirgi yillarda Turkiya jamoalari Yevrokuboklarda, o‘zlarining chempionatlarida sezilarli yutuqlarga erishmoqda. Shu jihatdan, Eldor uchun bu to‘g‘ri tanlov bo‘ldi, deb hisoblayman. Kichik maqsadlarga ega jamoadan, katta rejalari bor klubga o‘tishi va u yerda o‘z salohiyatini ko‘rsatishi — quvonarli holat.
— Eldor 30 yoshda. Uning yoshi, potensiali va imkoniyatlari yana top-5 chempionatlariga qaytish uchun yetarlimi?
— Zamonaviy futbolda 30 yosh hech qanday ahamiyatga ega emas. Asosiysi — professionallik va jismoniy holat. Eldorda esa bunga barcha sharoit bor. Menimcha, u hozir ham top-5 chempionatlarida o‘ynash imkoniyatiga ega edi. Yaqinlashib kelayotgan Jahon chempionati esa uning uchun katta motivatsiya bo‘ladi.
— Fayzullayevning ham Turkiya klubiga o‘tishi yaqin. Sizcha, Fayzullayev va Shomurodov tandemidan nima kutsa bo‘ladi?
— O‘zbek futbolchilari kuchli jamoalarga birgalikda yo‘l olsa, bu milliy terma jamoamiz uchun ham foydali. Jamoadagi muhit, o‘yinchilarning bir-birini tushunishi kuchayadi. Agar Shomurodov va Fayzullayev birga to‘p tepsa, o‘zbek futboli faqat yutuqqa erishadi. Ularning muvaffaqiyatli o‘yinlari ortidan boshqa futbolchilarimizga bo‘lgan talab ham ortadi.
Muallif: Iskandarov Abdulaziz
Manba: Championat.asia “Zamin”ni Telegramʻda oʻqing!
Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing Mavzuga oid yangiliklar