Portugaliya terma jamoasining yorqin futbolchilaridan biri — Joau Feliks yaqin orada Saudiya Arabistonida to‘p sura boshlashi mumkin. Hujumchi hozirda “Chelsi”ga tegishli bo‘lib, uning “An-Nasr” klubiga transferi ustidan jiddiy muzokaralar olib borilmoqda.
Taniqli insayder Fabritsio Romano xabariga ko‘ra, ikki klub transfer shartlari bo‘yicha deyarli kelishuvga erishgan. Qolgan tafsilotlarni tomonlar 24–48 soat ichida rasman hal etishi kutilmoqda.
Qizig‘i shundaki, Joau Feliks uchun Lissabonning “Benfika” klubi ham kurash olib borgan, hatto ular asosiy da’vogar sifatida qaralgan edi. Ammo moliyaviy jihatdan Saudiyaning “An-Nasr” klubi bilan raqobatlashish ularga qiyin bo‘lib chiqdi.
Ma’lumot uchun, 25 yoshli Feliks o‘tgan mavsumda “Chelsi” safida faoliyat olib borgan va fevraldan maygacha “Milan” klubida ijara asosida o‘ynagandi. Endi esa u Krishtianu Ronaldu to‘p surayotgan “An-Nasr” safida o‘z omadini sinab ko‘radi.
Agar ushbu bitim amalga oshsa, Saudiya Arabistoni chempionati yana bir yulduz futbolchi bilan boyiydi. Futbol jamoatchiligi esa Joau Feliks va Ronalduning bir jamoada qay tarzda to‘p surishini katta qiziqish bilan kutmoqda.
“Zamin”ni Telegramʻda oʻqing!