O‘zbekiston milliy terma jamoasining iqtidorli va hujumkor futbolchisi Abbosbek Fayzullayev faoliyatida yangi sahifa ochildi. 21 yoshli legioner so‘nggi ikki mavsumda Rossiya chempionatida munosib o‘yin ko‘rsatib, Yevropa futbolida o‘z o‘rniga ega bo‘ldi. Endi esa, u jadal rivojlanayotgan Turkiya Superligasiga yo‘l oldi — bu chempionat so‘nggi yillarda bir qator yulduzlar va tajribali murabbiylarni jalb etgani bilan mashhur.
Endilikda o‘zbekistonlik futbol ishqibozlari “Istanbul Bashakshehir” klubi o‘yinlarini alohida diqqat bilan kuzatadi. Chunki jamoa tarkibiga Abbosbek Fayzullayev bilan birga Eldor Shomurodov ham qo‘shildi — bu ikki futbolchining Turkiyadagi faoliyati katta qiziqish uyg‘otmoqda.
Rossiya matbuotida Fayzullayevning yangi transferi rasmiy e’lon qilingani ortidan futbol ekspertlari va mutaxassislar o‘z fikrlarini bildirishmoqda. Ayniqsa, “Zenit” klubi sobiq futbolchisi Aleksey Gasilin bu haqda shunday deydi: “O‘tgan mavsumda Abbos asosiy tarkibda kamroq o‘ynadi va asosan rotatsiya futbolchisi bo‘lib qoldi. Lekin uni Osiyoning eng yaxshi yosh futbolchisi, deb tan olishdi — bu uning iqtidori yuqori ekanini ko‘rsatadi. Fayzullayev juda yaxshi taklif oldi, ehtimol, u maydonda to‘liq 90 daqiqa harakat qiladigan imkoniyatga ega bo‘ladi. Chunki u o‘ynashni istaydi”.
Gasilin aytishicha, SSKA bu transferdan yaxshi foyda ko‘rdi — ular o‘yinchi uchun yaxshi mablag‘ oldi va klubning tijoriy strategiyasi amalga oshdi. Ayni paytda, Fayzullayev Turkiya chempionatida muntazam o‘ynash orqali Jahon chempionatiga puxta tayyorgarlik ko‘rish imkoniga ega bo‘ladi.
SSKAning yana bir sobiq futbolchisi Yevgeniy Aldonin esa bunday fikr bildirdi: “Fayzullayevning jamoadan ketishi hozircha katta yo‘qotish bo‘lmasa kerak. Chunki u asosiy tarkibdagi joyini yo‘qotib borayotgan edi. Abbosga yangi klubida omad va muvaffaqiyatlar tilaymiz. Agar shartnomasi tugayotganini inobatga olsak, kelasi yoz bepul ketishi mumkin edi, bugun esa klub yaxshi mablag‘ oldi”.
E’tiborlisi, Transfermarkt ma’lumotlariga ko‘ra, “Istanbul Bashakshehir” Abbosbek Fayzullayev uchun 7,5 million yevro to‘lagan va shartnoma besh yilga tuzilgan. Shuningdek, ayrim manbalarga ko‘ra, uning natijalaridan kelib chiqib, transfer summasiga yana 2,5 million yevro bonus qo‘shilishi mumkin. Futbolchining maoshi esa, bir mavsum uchun bir million yevro etib belgilangan.
Yangi mavsumda “Istanbul Bashakshehir” safida o‘zbek yulduzining qanday o‘yin namoyish etishi, uning Turkiya chempionatidagi faoliyati va kelajakdagi g‘alabalari futbol muxlislari uchun katta intiqlik va umid uyg‘otmoqda. Fayzullayev uchun bu transfer — yangi imkoniyatlar, yangi cho‘qqilar va xalqaro maydonda o‘z so‘zini aytish uchun yana bir mustahkam poydevor bo‘ladi.
Abbosbek Fayzullayev uchun Turkiya yangi bosqich, yangi imkoniyatlar...
Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing
Mavzuga oid yangiliklar