Futbol olamida katta shov-shuvga sabab bo‘lgan navbatdagi transfer yangiligi Koreya Respublikasining yetakchi futbolchilaridan biri — Son Xyon Min bilan bog‘liq. Angliya Premer-ligasining “Tottenxem” klubida uzoq yillar faoliyat yuritgan Son endi Amerika Qo‘shma Shtatlariga yo‘l oldi. Uning yangi jamoasi — MLSning nufuzli va ambitsioz klubi sanalgan “Los-Anjeles” (LAFC).
Muxlislar va mutaxassislar orasida katta muhokamalarga sabab bo‘layotgan ushbu o‘tish doimiy transfer asosida amalga oshgan. Bu haqda klub rasmiylari tomonidan tasdiqlangan ma’lumotlar tarqatildi.
Ma’lum qilinishicha, futbolchi bilan tuzilgan yangi shartnoma 2027 yilgacha mo‘ljallangan bo‘lib, agar har ikki tomon rozi bo‘lsa, u holda shartnoma 2029 yil iyunigacha uzaytirilishi ham mumkin.
Taqdimot marosimi oldidan “BMO Stadium” arenasidagi elektron tablolarda “Welcome” so‘zi yoritilib, yangi yulduzni qarshi olish jarayoni tantanali tarzda o‘tdi. Bu Son uchun yangi sahifa, yangi maqsadlar va yangi imkoniyatlar demakdir.
Eslatib o‘tamiz, Son Xyon Min “Tottenxem” jamoasi safida jami 454 ta rasmiy uchrashuvda ishtirok etdi. Shu davomida u raqiblar darvozasini 173 marta ishg‘ol qilib, klub tarixidagi eng yaxshi to‘purarlar ro‘yxatida kuchli beshlikka kirdi. Shuningdek, u jamoadoshlariga 101 marta golli pas uzatib, nafaqat to‘purar, balki yuqori darajadagi assistent sifatida ham e’tirof etildi.
Uning kuchli texnikasi, samarali zarbalari va maydondagi aql bilan harakat qilishi “Tottenxem” muxlislarini ko‘p yillar davomida xursand qilgan. Endi esa bu xususiyatlarini “Los-Anjeles” safida namoyon etishga navbat keldi.
Koreyalik yulduzning yangi jamoasida qanday o‘yin namoyon etishi, Amerika futboliga qanday ta’sir ko‘rsatishi va LAFC safida qanday natijalar qayd etishi muxlislar uchun alohida qiziqish uyg‘otmoqda.
Ayni paytda ko‘pchilikning savoli — Son MLSda ham “Tottenxem”dagi kabi ta’sirli o‘yinchiga aylana oladimi? Bu savolning javobini esa yaqin kelajakda o‘rganamiz. Shu narsa aniqki, uning yangi sahifasi endi boshlandi.
Son Xyon Min endi “Tottenxem” emas — yangi manzil “Los-Anjeles”!
Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing
Mavzuga oid yangiliklar