Samsung Galaxy S27 Ultra smartfoni yirikroq akkumulyator bilan taʼminlanadi

QisqachaAI yordamida tayyorlanganKo‘rsatish
- Samsung Galaxy S27 Ultra modeli 5534 mA/soat sig‘imli akkumulyator bilan ta’minlanadi, bu avvalgi modellar 5000 mA/soatlik chegarasidan oshadi.
- Galaxy S27 Pro ham 5087 mA/soatlik batareya bilan, hatto Galaxy S26 Ultra'dan ham kattaroq akkumulyatorga ega bo‘ladi.
- Ikkala yangi flagman ham 60 W tezkor quvvatlash texnologiyasini qo‘llab-quvvatlaydi.
Janubiy Koreyaning texnologiya giganti Samsung oʻzining kelgusi avlod flagman smartfonlarida batareya quvvatini oshirishga qaror qildi. Xitoyning 3C regulyatori maʼlumotiga koʻra, yangi Galaxy S27 Ultra modeli uzoq yillar davomida oʻzgarmasdan kelgan 5000 mA/soatlik anʼanaviy chegaradan voz kechib, sezilarli darajada yirikroq akkumulyatorga ega boʻladi. Bu haqda Ixbt.com xabar beradi.
Maʼlumki, oxirgi yillarda kompaniyaning Ultra seriyali flagmanlari aynan 5000 mA/soat sigʻimli batareyalar bilan jihozlanib kelinayotgan edi. Ushbu holat foydalanuvchilar va texnologiya ekspertlari tomonidan tanqid qilinib, muayyan darajada «zamon talabidan ortda qolish» sifatida baholanayotgan edi. Yangi maʼlumotlar esa bu boradagi yondashuv oʻzgarayotganidan dalolat beradi.
Batareya sigʻimi va marketing koʻrsatkichlari
ixbt.com nashrining Xitoy regulyatori maʼlumotlariga tayanib xabar berishicha, Galaxy S27 Ultra modeli 5534 mA/soatlik batareya bilan jihozlanadi. Mutaxassislarning taʼkidlashicha, ushbu koʻrsatkich qurilmaning texnik hujjati uchun moʻljallangan boʻlib, marketing materiallarida va rasmiy taqdimotlarda bu raqam odatda «tupik» yoki marketing talablaridan kelib chiqib 5700 mA/soat sifatida koʻrsatilishi kutilmoqda.Shuningdek, seriyaning yanada ixchamroq vakili hisoblangan Galaxy S27 Pro modeli ham eʼtibordan chetda qolmagan. Qizigʻi shundaki, ushbu kichikroq versiya hatto joriy avlodagi Galaxy S26 Ultra smartfonidan ham kattaroq akkumulyatorni oladi. Regulyator bazasidagi maʼlumotlarga koʻra, Galaxy S27 Pro 5087 mA/soatlik (marketingda 5200 mA/soat deb eʼlon qilinishi mumkin) batareya bilan taʼminlanadi.
Tezkor quvvatlash imkoniyatlari
Batareya hajmining oshishi bilan birga, qurilmalarni quvvatlash tezligi ham foydalanuvchilar uchun muhim ahamiyat kasb etadi. 3C regulyatsiyasi hujjatlarida keltirilishicha, ikkala yangi flagman model uchun ham quvvat olish quvvati bir xil etib belgilangan.Unga koʻra, Galaxy S27 Ultra va Galaxy S27 Pro modellari 60 W quvvatga ega tezkor zaryadlash texnologiyasini qoʻllab-quvvatlaydi. Bu koʻrsatkich Samsung flagmanlarining kundalik foydalanishdagi qulayligini yanada oshirib, yiriklashgan akkumulyatorlarni qisqa vaqt ichida toʻldirish imkonini beradi.
Hozircha Samsung kompaniyasi mazkur qurilmalarning rasmiy taqdimot sanasi va boshqa texnik xususiyatlari haqida yakuniy maʼlumotlarni oshkor etgani yoʻq. Biroq 3C kabi yirik sertifikatsiya idoralaridan oʻtayotgani smartfonlarning ishlab chiqarish bosqichiga yaqinlashib qolganini bildiradi.






























Izohlar 0
…