date

Superligada 18-tur: markaziy uchrashuvlar va kutilmagan intrigalar

Superligada 18-tur: markaziy uchrashuvlar va kutilmagan intrigalar

10–13 avgust kunlari mamlakatimizda futbol havosini yanada qizitadigan Superliga bahslari bo‘lib o‘tadi. 18-tur doirasida muxlislar diqqat markazida bo‘ladigan qator “olovli” va shiddatli uchrashuvlar rejalashtirilgan. Ular orasida “Neftchi” – “Nasaf”, “Dinamo” – “Paxtakor” hamda “Andijon” – “Navbahor” o‘yinlari alohida urg‘uga ega.

10 avgust

18:30. “So‘g‘diyona” – “Mash’al”

Ikkinchi davrada hali g‘alaba ta’mini tata olmagan ikki jamoa o‘zaro to‘qnash keladi. Jizzaxliklar maydon xo‘jayini sifatida imkoniyat jihatdan bir qadar ustunroq ko‘rilmoqda. “Mash’al” esa o‘tgan turda G‘uzorda “Dinamo”ni ishonchli hisobda ortda qoldirib turgan holatda, yakunda 2:4 hisobida yutqazdi. Bu safar ham muborakliklarni safarda jiddiy sinov kutib turibdi. Biroq “Mash’al” mavsum davomida ko‘p marotaba kutilmagan natijalar qayd etganini inobatga olsak, ularning syurpriz ko‘rsatishi ehtimoli yo‘q emas.

11 avgust

19:00. “Neftchi” – “Nasaf”

Turning eng katta intrigasi Farg‘onadagi “Istiqlol” stadionida kechadi. Amaldagi chempion “Nasaf” 37 ochko bilan peshqadamlikni qo‘lda saqlayotgan bo‘lsa, uning eng yaqin ta’qibchisi “Neftchi” 4 ochkoga orqada kelmoqda. Mutaxassislar jamoaviy o‘yin sifatida qarshiliklarni bir qadam oldinda deb baholashsa-da, “Neftchi” safida ham tajribali va nomdor futbolchilar jamlangan. Shunga qaramay, bir necha kutilmagan ochko yo‘qotishlar ularni tanqid nishoniga aylantirgan. Bu bellashuv mezbonlar uchun hayotiy ahamiyatga ega: chempionlik orzusidagi “Neftchi” aynan shu o‘yinda amaldagi chempionni ortda qoldirishi shart. Levchenko shogirdlarining haqiqiy salohiyati aynan shu kuni ko‘rinadi.

20:00. “Dinamo” – “Paxtakor”

Yana bir markaziy bahs Samarqandda kechadi. Hozirda “Dinamo” “Paxtakor”dan 4 ochkoga oldinda turibdi. Vadim Abramov jamoasi hujumkor va ko‘ngilochar o‘yini bilan tanilgan. Shunday ekan, ularning “Paxtakor”ga qarshi kurashi muxlislar uchun haqiqiy futbol bayramiga aylanishi mumkin. Hozircha imkoniyatlar mutlaqo teng.

12 avgust

18:15. OKMK – “Qizilqum”

Ikkinchi davrani bir necha muhim g‘alabalar bilan boshlagan OKMK o‘z maydonida “Qizilqum”ni qabul qiladi. Mirjalol Qosimov shogirdlari o‘z o‘yinini topsa, maqsadga erishishi ehtimoli katta. “Qizilqum” esa safarda yaxshi natija qayd etish uchun maydonda ikki karra faol harakat qilishi zarur.

19:00. “Andijon” – “Navbahor”

18-turning yana bir eng kutilgan uchrashuvi — vodiy derbisi “Bobur arena”da. Bu yerda prinsipial raqobat ruhi juda baland: yozda tarkibini ancha kuchaytirgan Maksim Shatskix jamoasi so‘nggi uchrashuvlarda yaxshi formada ekanini ko‘rsatdi. Ular uyda “Qo‘qon-1912” darvozasiga javobsiz 3 gol kiritishdi, keyingi turda esa amaldagi chempion maydonida 1 ochko bilan qaytishdi. “Navbahor” esa ketma-ket ikki turda durang qayd etdi. Muxlislar o‘rtasida ham qizg‘in raqobat bo‘lishi tayin. “Bobur arena”dagi muhitni tasavvur qilish qiyin emas — stadion xo‘jayinlari maksimal ishtiyoq bilan maydonga tushadi.

20:30. “Sho‘rtan” – “Qo‘qon-1912”

Markaziy bahslar soyasida qolsa-da, bu o‘yin ham muhim ahamiyatga ega. Jadvalning eng oxirgi ikki pog‘onasida turgan jamoalar G‘uzorda kuch sinashadi. Birinchi davradagi o‘yin durang bilan yakunlangan. Ikkala jamoaga ham g‘alaba suv va havodek zarur. “Qo‘qon-1912” 3 oydan beri g‘alaba qo‘lga kirita olmayapti. Bu bahsda har ikki tomon uchun ham faqat 3 ochko maqsad qilinadi.

13 avgust

19:00. “Buxoro” – “Xorazm”

Tarkibiy jihatdan o‘zaro mos jamoalar bahsida ehtimol ko‘p gol ko‘rilmas. “Buxoro”ning asosiy vazifasi — himoyada ishonchli o‘yin ko‘rsatib, darvozasini daxlsiz saqlash. Biroq Baqoyev shogirdlari yuqori o‘rinlarga ko‘tarilish uchun albatta g‘alaba izlaydi. Hakim Fuzaylov boshqarayotgan “Xorazm” esa hujumkor futbol ko‘rsatishga harakat qiladi. Umid qilinadiki, o‘yin bitta gol taqdiri bilan hal bo‘lmaydi.

20:00. “Surxon” – “Bunyodkor”

Turning yopilish marosimi sifatidagi bahs qiziqarli o‘tishi kutilmoqda. Tarkibda bir qator o‘zgarishlar bo‘lgan “Surxon” so‘nggi vaqtlarda o‘yin sifati yaxshilangan “Bunyodkor”ga qarshi bellashadi. Ikkala tomon uchun ham o‘yin oson kechmaydi. Barchasi qisqa muddat ichida qay darajada tayyorgarlik ko‘rilganiga bog‘liq bo‘ladi.

Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing
Yangiliklar » Sport » Superligada 18-tur: markaziy uchrashuvlar va kutilmagan intrigalar