Parijning “Sent-Jermen” klubi 2024/25 yilgi mavsumni tarixiy tarzda yakunladi — jamoa Chempionlar ligasi g‘olibi bo‘ldi, Fransiya chempionligini qo‘lga kiritdi va mamlakat kubogini yutib, uchta yirik sovrinni bir mavsumda qo‘lga kiritishga muvaffaq bo‘ldi.
Klub bosh murabbiyi Luis Enrike matbuotga bergan so‘zlarida o‘tgan mavsumda qanday sinovlardan o‘tganini, qay tarzda qiyinchiliklarni yengganini va kelgusi mavsum uchun rejalarini ochiq bayon qildi.
— Chempionlar ligasi dastlabki uch-to‘rt turida biz xuddi chegarada yurgandek ahvolda edik. Garchi ko‘proq ochko to‘plashga haqli bo‘lsak-da, vaziyat shunchalik oson kechmadi. Bir payt kelib, o‘yinchilarda ishonch pasaydi, kayfiyat ham unchalik yaxshi emas edi. Ammo futbolchilarning sadoqati va harakati tufayli barchasi o‘zgardi. Biz yaratgan imkoniyatlarimiz ko‘p bo‘lsa-da, ularni golga aylantira olmayotganimizga e’tibor qaratdik. Shu payt o‘yladim: “Nega jarima maydonida eng yaxshi harakat qiladigan o‘yinchini topishga urinmaymiz?”. Shu yo‘l tutilib, statistikamiz sezilarli darajada yaxshilandi, g‘alabalar ketma-ket kela boshladi va ishonchimiz qayta tiklandi. Shundan so‘ng xuddi o‘sha jamoa raqiblarga qarshi qiyinchiliksiz ustunlik ko‘rsata boshladi.
Fransiya kubogi va Chempionlar ligasi finallari oldidan ikki hafta davomida o‘yin oldidagi ruhiy bosim sezilganini ham esga oldi:
— Asosiy maqsadimiz o‘yinlarga ortiqcha his-tuyg‘usiz, xotirjam chiqish edi. Chunki biz atrofimizda muxlislarning katta qo‘llab-quvvatlashini his qilar edik va bu ham ruhiy jihatdan ta’sir qiladi. Har narsaning me’yoridan oshishi zarar keltirishi mumkin. Biz allaqachon 100 foiz kuch bilan harakat qilishimiz aniq edi, lekin o‘yinchilarga shunday dedim: “105 foiz kuch bilan o‘ynaymiz, lekin 120 foiz emas. Chunki ortiqcha hayajon sizni qotirishi mumkin”. Bu finallar alohida ruhiyat talab qiladigan bahslar bo‘lib, futbolchilar bu vazifani a’lo darajada bajarishdi.
Yangi mavsum haqida ham to‘xtalar ekan, Luis Enrike jamoa oldidagi maqsadlar yanada yuqori ekanini ta’kidladi:
— Yangi mavsumdagi maqsadimiz — jamoani yanada kuchaytirish. Sovrinlar masalasida bu, albatta, qiyinroq bo‘ladi. Ammo futbol sifatida, ham himoyada, ham hujumda o‘sishimizga ishonaman. Har bir sovrin uchun oxirigacha kurashamiz. Ularning barchasini qo‘lga kiritishimizga ishonamiz va bunday yutuq yana tarixga kirishimiz uchun katta motivatsiya bo‘ladi.
Eslatib o‘tamiz, “PSJ” 13 avgust kuni UYEFA Superkubogi bahsida “Tottenxem”ga qarshi maydonga tushadi. Bellashuv Italiyaning Udineze shahridagi “Friuli” stadionida bo‘lib o‘tadi.
Luis Enrike: PSJ yanada kuchliroq bo‘lishga harakat qiladi
Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing
Mavzuga oid yangiliklar