date

“Manchester Siti”da transfer intrigasi: Husanov qoladimi, Lyuis ketadimi?

“Manchester Siti”da transfer intrigasi: Husanov qoladimi, Lyuis ketadimi?

Yevropada yozgi transferlar oynasi yopilishiga bor-yo‘g‘i ikki hafta qoldi. Odatdagidek, aynan shu pallada klublar o‘z savdolarini tezroq yakunlab olishga harakat qiladi va shu bois bozor yanada qizib ketishi tabiiy hol.

Abduqodir Husanov to‘p surib kelayotgan “Manchester Siti” joriy transfer davrida ancha faol harakat qildi. Yoshi ulg‘aygan va jamoada uzoq yillar xizmat qilgan Skott Karson, Kevin de Bryuyne hamda Kayl Uoker klub bilan xayrlashdi.

Shuningdek, murabbiylar shtabi rejalariga kirmagan bir qator futbolchilar ijaraga yo‘llandi. Masalan, Vitor Reys “Jirona” safiga, Maks Alleyn “Uotford”ga, Jek Grilish esa “Everton”ga qo‘shildi.

Yoz boshlarida 21 yoshli o‘zbek himoyachisi Abduqodir Husanov ham ijaraga berilishi mumkinligi haqida xabarlar tarqalgandi. Biroq bosh murabbiy Xosep Gvardiola futbolchini tarkibda olib qolishga qaror qildi va yangi mavsumda unga imkoniyat berish niyati borligini ochiq aytdi.

Angliya Premer-ligasi start olganiga qaramay, transferlar oynasi hali yopilmagan. Shu bois, “Manchester Siti”dan yana bir necha o‘yinchining ketishi kutilmoqda. Angliya Premer-ligasidagi bir qator klublar “Siti”da imkoniyat olib, o‘zini ko‘rsata olgan futbolchilarni ijaraga yoki to‘liq transfer qilish bo‘yicha muzokaralarni davom ettirmoqda.

Gvardiola esa o‘zining an’anaviy prinsipiga sodiq qolgan holda ixcham tarkib bilan ishlashni va har bir futbolchiga o‘yin amaliyoti berishni maqsad qilgan. U, ayniqsa, “Tottenxem”ning braziliyalik hujumchi Savioga qiziqishi haqida ham to‘xtaldi. London klubi bir necha bor murojaat qilib, avval 40 million yevro, keyin esa 70 million yevro taklif etgan.

Gvardiola matbuot anjumanida shunday dedi:
“Transfer oynasi oxirigacha sizlar bilan yana uch-to‘rt marta ko‘rishamiz. Savio transferi haqidagi savollarni yana qachon eshitishimni bilmayman. Agar “Tottenxem” yoki boshqa jamoalar o‘yinchilarimizga qiziqsa, klubimizga murojaat qilishlari mumkin. Shaxsan men Savioni mavsum oxirigacha, balki undan ham ko‘proq jamoamiz safida qolishini istayman”.

Tajribali murabbiyning ta’kidlashicha, Savio yosh bo‘lishiga qaramay katta salohiyatga ega. Ammo u murakkab vaziyatlarda to‘g‘ri qaror qabul qilish malakasini yanada rivojlantirishi shart.

Shu bilan birga, transfer masalasida o‘yinchining xohishi hal qiluvchi ahamiyatga ega. Agar futbolchi ketishni xohlasa, xaridor klub bilan kelishishi lozim bo‘ladi, aks holda u jamoada qoladi.

Yozgi transferlar davri yakunlanguncha “Manchester Siti” tarkibini tark etishi mumkin bo‘lgan yana bir nom — Riko Lyuis. Bu futbolchi yangi mavsumda o‘ng qanot himoyachisi sifatida maydonga tushishi kutilyapti. Unga raqobatchi sifatida Matuyes Nunes va Abduqodir Husanov ko‘rsatilmoqda.

Shu kunlarda “Nottingem Forest” Riko Lyuisni o‘z safiga qo‘shib olish uchun harakat qilmoqda. “O‘rmonchilar” 20 yoshli himoyachiga “Manchester Siti”da olayotganidan ikki baravar ko‘p maosh taklif etgani aytilmoqda. Biroq manchesterliklar birinchi taklifni qabul qilmadi. Chunki “Nottingem” Lyuis uchun 25 million yevro badal va qo‘shimcha 5 million yevro bonus taklif qilgan, klub esa uni 40 million yevroga baholayapti.

O‘tgan mavsum iqtidorli himoyachi barcha musobaqalarda 44 ta uchrashuvda maydonga tushib, nafaqat himoya vazifalarini bajardi, balki 2 ta gol va 5 ta assistga ham mualliflik qildi. Uning “Siti” bilan shartnomasi 2028 yil yarmigacha amal qiladi.

Xulosa qilib aytganda, “Manchester Siti”da yozgi transferlar oynasi yopilishi arafasida jiddiy intrigalar saqlanib qolmoqda. Abduqodir Husanovga ishonch bildirilishi muxlislarni quvontirsa, Riko Lyuisning taqdiri hali ochiq qolmoqda.

Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing
Yangiliklar » Sport » “Manchester Siti”da transfer intrigasi: Husanov qoladimi, Lyuis ketadimi?