Angliyaning eng kuchli jamoalaridan biri sanalgan “Manchester Siti”da muhim yangilik kuzatildi. Endi jamoaning asosiy sardori sifatida portugaliyalik tajribali futbolchi Bernardu Silva tayinlandi. Bu qaror klub tarixida yangi sahifa ochishi mumkin, deb ta’kidlashmoqda futbol mutaxassislari.
Jamoa bosh murabbiyi Xosep Gvardiola matbuot anjumanida bu haqda alohida to‘xtalib o‘tdi. Unga ko‘ra, Silva har bir jihati bilan haqiqiy yetakchi sifatida namoyon bo‘lgan va aynan shu fazilatlari tufayli unga bunday mas’uliyatli vazifa topshirilgan.
– Men Bernardudan ko‘p narsani ko‘rdim. Ayniqsa o‘tgan mavsum juda og‘ir kechdi. Jamoa tarkibida faqat 13–14 nafar asosiy futbolchi qolgan paytlar bo‘ldi. Yoshlar ham akademiyadan jalb etildi. Biz har uchinchi kunda kuchli raqiblarga qarshi maydonga tushishimizga to‘g‘ri kelardi. Ana shunday vaziyatda Silva doimo yonimizda turdi. U tinimsiz mehnat qildi, har kuni bor imkoniyatini maydonda ko‘rsatdi. Yordamga doim tayyorligi, so‘zsiz, uning haqiqiy sardor ekanini ko‘rsatdi, – dedi Gvardiola.
Bosh murabbiy shuningdek, portugaliyalik futbolchining ko‘pqirrali o‘yiniga ham e’tibor qaratdi. Bernardu o‘zining odatiy pozitsiyasidan tashqari, qanotlarda himoyachi sifatida, shuningdek tayanch yarim himoyachi rolida ham o‘ynashga majbur bo‘lganini qayd etdi. – U maydonda qayerda kerak bo‘lsa, o‘sha yerda ishonch bilan harakat qildi. Shundan ham ko‘rinib turibdiki, u jamoa uchun yetakchi bo‘lishga munosib, – deb qo‘shimcha qildi murabbiy.
31 yoshli Bernardu Silva “Manchester Siti” safida 2017 yildan buyon to‘p suradi. U shu vaqt ichida klubning eng ishonchli va muxlislar sevgan futbolchilaridan biriga aylandi. Futbolchining amaldagi shartnomasi 2026 yilning 30 iyuniga qadar tuzilgan. Ammo ko‘plab insayderlar va ekspertlarning fikricha, bu hamkorlik yana bir necha yilga uzaytirilishi kutilmoqda.
Futbol jamoatchiligi esa Gvardiola qarorini qo‘llab-quvvatlamoqda. Ko‘pchilikning fikricha, Bernardu Silva nafaqat maydondagi o‘yini, balki inson sifatidagi xislatlari bilan ham jamoani yuqori maqsadlarga yetaklay oladi.
“Manchester Siti”da yangi yetakchi: Bernardu Silva sardor bo‘ldi
Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing
Mavzuga oid yangiliklar