O‘zbekiston Kubogi 1/4 finalida “Dinamo” va “Sho‘rtan” jamoalari o‘rtasidagi bahs 3:0 hisobida samarqandliklar foydasiga hal bo‘ldi. Uchrashuvdan so‘ng "Sho‘rtan" bosh murabbiyi Eldor Moyliyev matbuot anjumanida jamoasi o‘yini haqida to‘xtalib o‘tdi.
O‘yin tahlili
— Bellashuvni yaxshi boshladik, dastlab ikkita qulay imkoniyat yaratdik. Biroq ulardan unumli foydalana olmadik. “Dinamo” esa standart holatlardan ikki bor gol urib, ustunlikni qo‘lga kiritdi. Shu zahoti o‘yin biz uchun qiyinlashib, orqaga ketdi. Ikkinchi bo‘lim butunlay raqib tomonidan nazorat qilindi. Rostini aytsam, bugungi bahs o‘yinlarimizdan eng zaiflaridan biri bo‘ldi, — dedi Moyliyev.
Kubok va Superliga farqi
— Jamoamiz Superligada doim raqobatbardosh o‘yin ko‘rsatib kelgan. Ammo bugungi bellashuvda umuman o‘zimizni ko‘rsata olmadik. Albatta, Kubok bilan Superliga ikki xil musobaqa. Biz Kubok bahsiga jiddiy tayyorgarlik ko‘rgandik, ammo ikki gol ruhan sindirib qo‘ydi. Birga-bir vaziyatlarda ham barchasida yengildik. Shu jihatdan “Dinamo” yaxshi tayyorgarlik ko‘rgani ko‘zga tashlandi, — deb ta’kidladi murabbiy.
G‘alaba uchun ishtiyoq haqida
— Biz maydonga g‘alaba uchun tushdik. Agar yutganimizda, yarim finalda eng kuchli to‘rt jamoadan biri bo‘lardik. Buni barcha yaxshi tushunib turgandi. Ammo afsuski, natija kutilganidek bo‘lmadi. “Dinamo” har bir jihatda ustun keldi, — deya xulosa qildi Moyliyev.
Mutaxassis so‘zlariga ko‘ra, “Sho‘rtan” uchun bu mag‘lubiyat katta dars bo‘lib xizmat qiladi. Muxlislar esa jamoaning kelgusi Superliga bahslarida o‘zini qay darajada tiklab olishini qiziqish bilan kutmoqda.
Eldor Moyliyev: "Sho‘rtan" bugun maydonda o‘zini ko‘rsata olmadi
Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing
Mavzuga oid yangiliklar