CAFA Nations Cup’ning ikkinchi turida Turkmanistonga qarshi o‘yinda (2:1) gol urib, muhim g‘alabaga hissa qo‘shgan O‘zbekiston milliy terma jamoasi hujumchisi Igor Sergeev uchrashuvdan keyin o‘z fikrlari bilan o‘rtoqlashdi.
— Xudoga shukr, muhim g‘alabaga erishdik. Umuman olganda, o‘yinni yaxshi boshladik. Albatta, mayda xato va kamchiliklar bo‘ldi, lekin birinchi bo‘limda o‘yinni nazorat qildik, hisobni ochdik, keyin ikkinchi golni ham kiritdik. Ammo ikkinchi bo‘lim boshlanishi bilan vaziyat qiyinlashdi. Qizil kartochka olishimiz ishni og‘irlashtirdi, ustiga-ustak raqib penalti ishlab oldi. Shunga qaramay, yigitlar kuch-g‘ayratlarini ayamay, natijani saqlab qolishdi. Ularga minnatdorchilik bildiraman. Endi eng muhimi – tiklanish va keyingi o‘yinga tayyorgarlik ko‘rish, — dedi Sergeev.
Uning so‘zlariga ko‘ra, dublidan keyin u terma jamoa tarixidagi mashhur futbolchilar – Igor Shkvirin va Odil Ahmedovdan ham ko‘proq gol urgan bo‘lsa-da, shaxsiy rekord unga asosiy maqsad emas.
— Men uchun shaxsiy statistika birinchi o‘rinda turmaydi. Albatta, har bir hujumchi gol urishni xohlaydi, ammo bu yerda terma jamoa natijasi muhim. Agar kerak bo‘lsa, gol urmasdan turib, sherigimga pas berishni afzal ko‘raman. Chunki asosiy vazifa – jamoa manfaati, — deya qo‘shimcha qildi u.
Shuningdek, Sergeev turnir jadvalidagi vaziyat haqida ham to‘xtaldi:
— Hozircha barcha ko‘rsatkichlar bir xil. Biz ham 2:1 hisobida g‘alaba qozondik, O‘mon ham shunday natija qayd etdi. Shunday ekan, hal qiluvchi bahs Qirg‘izistonga qarshi bo‘ladi. Faqat yutish emas, balki ko‘proq gol urishga harakat qilamiz. Birinchi o‘rin uchun imkoniyatlarimiz bor.
Jurnalistlar 2019 yilgi Osiyo kubogida Turkmaniston ustidan yirik 4:0 hisobidagi g‘alaba haqida eslatishganda, Sergeev javob qaytardi:
— Futbol har doim ham bir xil natija bermaydi. Bu safar ham birinchi bo‘limda 2:0 hisobida oldinga chiqdik, ammo qizil kartochka vaziyatni o‘zgartirdi. Agar u bo‘lmaganida, ehtimol, hisob kattaroq bo‘lardi. Biroq muhimi g‘alaba. Jamoada ko‘plab yangi o‘yinchilar bor, ular hali bir-biriga to‘liq moslashib ulgurmagan. Shuning uchun bunday o‘yinlarda kurash va iroda asosiy ahamiyat kasb etadi.
Shu tariqa, milliy jamoa hujumchisi o‘z bayonotida shaxsiy natijalardan ko‘ra, jamoaviy g‘alabani ustuvor qo‘yishini yana bir bor ta’kidladi.
“Zamin”ni Telegramʻda oʻqing!