date

Cherchesov: "O‘zbekiston terma jamoasini Timur Kapadzega ishonish kerak"

Cherchesov: "O‘zbekiston terma jamoasini Timur Kapadzega ishonish kerak"

O‘zbekiston milliy terma jamoasida bosh murabbiy almashishi ehtimoli haqida xabarlar tarqalishi futbol jamoatchiligida qizg‘in muhokamalarga sabab bo‘ldi. Ayniqsa, Jahon chempionatiga bor-yo‘g‘i bir yildan kam vaqt qolgan bir paytda bunday masala ko‘tarilishi ko‘plab savollarni tug‘dirmoqda.

Shu munosabat bilan, rossiyalik taniqli mutaxassis Stanislav Cherchesov o‘z qarashlari bilan bo‘lishdi.

«Rostini aytsam, bu masala haqida ikkinchi marta eshityapman va hayratdaman. Nima uchun murabbiyni almashtirish g‘oyasi paydo bo‘lganini ham, qanchalik haqiqatga yaqinligini ham bilmayman. Mening nazarimda, terma jamoani Olimpiadaga va Jahon chempionatiga olib chiqqan Timur Kapadze hurmat va ishonchga munosib. U shungacha katta musobaqalarda ishlamagan bo‘lsa-da, jamoani ushbu bosqichga olib chiqdi. Buning o‘zi katta yutuq. Ko‘rib turganimdek, jamoa o‘yinda hujumkor uslubda harakat qiladi va maydonda nimani amalga oshirishni yaxshi biladi. Shu sababli, menimcha, yo‘llanmani qo‘lga kiritgan murabbiy jamoani oxirigacha boshqarishi kerak», — dedi Cherchesov.

Uning fikricha, xorijdan murabbiy olib kelish — juda murakkab jarayon. «Yaqinda Qozog‘istonda ishlaganimda, tilda qiyinchilik bo‘lmadi, rus tilida muloqot qilardik. Lekin baribir, mentalitet, jamoa ichidagi muhit, har bir o‘yinchi kimligini anglash uchun vaqt kerak bo‘ladi. O‘zbekistonni umuman bilmaydigan, u yerda hech qachon bo‘lmagan mutaxassis darhol samara berishi juda qiyin. Shu jihatni rahbariyat ham hisobga olishi shart», — deya qo‘shimcha qildi u.

Rossiyalik mutaxassis shuningdek, futbolchi yoki murabbiy har doim qayerga kelayotganini, qanday madaniyat va qanday muhitda ishlashi kerakligini anglab yetishi shartligini ta’kidladi.

«Mening fikrim aniq: Kapadzega ishonch bildirish kerak. Timur jamoa bilan ishini davom ettirishi lozim. Agar mendan maslahat so‘ralsa, hammasi o‘z yo‘lida ketishi kerak», — deb xulosa qildi Cherchesov.

Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing
Yangiliklar » Sport » Cherchesov: "O‘zbekiston terma jamoasini Timur Kapadzega ishonish kerak"