date

Yozda amalga oshgan asosiy 10 transferning "plyus" va "minus"lari...

Yozda amalga oshgan asosiy 10 transferning "plyus" va "minus"lari...

O‘tgan yoz juda ko‘p katta transferlar, ayniqsa APL jamoalarining rekord darajadagi xaridlari bilan yodda qoldi. Ingliz klublarining o‘zi birgalikda 3,5 milliard funtga yaqin mablag‘ sarflashdi. Bu fonda Ispaniya grandlari va boshqa ligalardagi raqamlar ancha kamtar ko‘rinadi, shuning uchun yozda e’tibor aynan APL grandlariga qaratildi.

Quyida eng muhim hisoblayotganimiz 10 transferning plyus va minuslari haqida gaplashamiz. Albatta, bu transferlardan ko‘ra ko‘proq pul sarflangan, e’tiborliroq boshqa xaridlar ham bor, ammo biz aynan o‘yinga ta’siri, jamoa darajasini bir pog‘ona yuqoriga ko‘tarishi mumkin bo‘lgan nomlarga to‘xtalishga qaror qildik. O‘nlikdagi aksariyat futbolchilar 26-27 yoshda, ya’ni kelajak uchun emas, hoziroq jamoani kuchaytirishga mo‘ljallangan transferlar.

MATЕUS KUNYА

26 yosh. «Vulverhempton»dan «Manchester Yunayted»ga – 74 million yevro

Plyus: Kunya u qadar katta bo‘lmagan vaqt mobaynida juda ko‘p jamoalarni almashtirgan, Ispaniya va Germaniyada ham o‘ynashga ulgurgan bo‘lsa-da, tom ma’noda so‘nggi ikki mavsumda, ya’ni Angliyada ochildi. So‘nggi ikki mavsumda 31 gol va 14 assist – o‘rtamiyona jamoa vakili uchun katta natija. Agar ushbu ko‘rsatkichlarning ma’lum qismini yangi jamoasiga ko‘chira olsa ham ancha foydali bo‘ladi, zero «MYu» tarkibida faqat Bruno Fernandeshgina shu oraliqda yaxshiroq ko‘rsatkichga ega.

«Manchester Yunayted»ning avvalgi transfer siyosatidagi eng o‘zini oqlamagan jihat – APL tajribasiga ega bo‘lmagan futbolchilarga bo‘lgan ishonch edi. Kunyagacha klub amalga oshirgan 20 transferdan atigi bittasi (Maunt) APL jamoasidan bo‘lgandi, xolos. Tabiiyki, tempga dosh bera olmaslik, adaptatsiya muammolari shundog‘am muammoli jamoada ko‘proq bo‘y ko‘rsata boshlar va oqibatda transfer muvaffaqiyatsiz chiqar edi. INEOS va Amorim kelganidan keyin kurs o‘zgardi.

Yana bir muhim faktor – «Vulverhempton» so‘nggi mavsumda 3-4-2-1, aynan «MYu» sxemasiga yaqin taktikada to‘p surdi va Kunya ham mana shu sxemada samarali o‘yin ko‘rsatdi. «O‘nlik» pozitsiyasida Garnacho, Reshford, Maynu, hatto Bruno bilan ham muammolarga duch kelgan Amorim uchun bu jihat hal qiluvchi ahamiyatga ega bo‘lgan.

Minus: Kunya «Vulverhempton»da eng asosiy yulduz edi va har bir hujum aynan uning ishtiroki bilan bo‘lgan. Risk qilish huquqi ham Kunyada edi. Qisqasi, Brunoning «MYu»dagi roli. Yangi jamoada tabiiyki, bunday bo‘lmaydi. Vazifalar taqsimlanishi, Kunyaga avvalgidan kichikroq hududda, muayyan funksiya berilishi, yanada tartibliroq harakatlanish talab qilinishi mumkin. Bu shartlarda futbolchi o‘zini qanday ko‘rsata oladi, noma’lum.

VIKTOR GYOKERESH

27 yosh. «Sporting»dan «Arsenal»ga – 75 million yevro

Plyus: Juda uzoq kutilgan transfer. «Arsenal» muxlislari anchadan beri biror to‘purar hujumchi kelishini orzu qilishar, shundagina so‘nggi pallalarda jamoaga nimadir yetmay qolishiga barham beriladi, deb hisoblashardi. Arteta tizimi sermahsul yarimhimoyachilar yordamida bu masalani qisman yechishi mumkindir, lekin u holda jamoa doim tonusda bo‘lishi, jarohatlar chetlab o‘tishi, Saka, Edegor, Martinelli kabi futbolchilar doim yuqori formani saqlab turishi talab etilardi. Zamonaviy futbolda, ayniqsa, agar bir necha turnirda g‘oliblikka da’vogarlik qilinganda esa buning iloji yo‘q. Deyarli hamma o‘yinda g‘alaba qozonishi kerak bo‘lgan jamoa uchun gol urish biroz osonroq bo‘lishi kerak. Aynan «to‘qqizlik» hujumchi ba’zida gol urishni osonlashtiradi, qaysidir ma’noda butun jamoa energiyasini tejaydi.

Arteta so‘nggi mavsumlarda bu masalani standart vaziyatlar yordamida ham yechib keldi, ammo baribir Gyokeresh kabi hujumchi zarur edi. Aynan mana shu transferdan so‘ng «Arsenal»ga APL sovrini yo‘lida xalaqit beruvchi to‘siq qolmadi, deb hisoblashmoqda.

Minus: Erling Holandning «Manchester Siti»ga kelishi ham jamoaning shunga o‘xshash muammolarini yopgan, ilk mavsumda trebl qo‘lga kiritilgandi ham. Lekin tarkibga Holandning qo‘shilishi boshqa chiziqlarda bir qator qo‘shimcha o‘zgarishlarni ham talab qiladiki, bu ba’zida foydali, ba’zida ishlab turgan prinsiplar buzilishiga sabab bo‘ladi. Gvardiola ham ba’zi muvaffaqiyatli qarorlar bilan birgalikda, xatolarga ham yo‘l qo‘ydi – tabiiyki, Artetada ham bunday risk bor. Viktorni jamoa tizimiga qo‘shish jarayonida qandaydir muammolar yuzaga keladi va shu pallada to‘g‘ri yechimlarni topa olish kerak. Arteta hozircha buni turli uslubda o‘ynay oladigan bir qator katta transferlar yordamida hal qilmoqchi. Ko‘ramiz.

BRAYAN MBEUMO

26 yosh. «Brentford»dan «Manchester Yunayted»ga – 75 million yevro

Plyus: Ko‘p jihatdan yuqorida Mateus Kunya haqidagi mulohazalar Mbeumo uchun ham o‘rinli. Hatto Mbeumo yanada mehnatkashroq, moslashuvchanroq hisoblanadi. Chunki u «Brentford»da turli rollarni bajargan, farqli uslubdagi hujumchilarga sherik bo‘lgan va har safar o‘ziga berilgan vazifani uddalay olgan. Ko‘p mutaxassislar uning o‘yin uslubi, harakatlanishi va texnikasini Muhammad Salohga ham qiyoslashadi. Albatta, bunga hali erta, lekin fakt shuki, 2025 yilda APL doirasidagi o‘yinlarda Muhammad Salohdan keyingi eng ko‘p gol urgan futbolchi aynan Mbeumo bo‘lgandi.

Minus: O‘tgan mavsumda «MYu»ning eng yorqin ikki o‘yinchisidan biri Amad Diallo edi. Ko‘pchilik o‘ng qanot «o‘nligi» uchun Amad bor edi, boshqa chiziqlarni to‘ldirish maqsadga muvofiqroq bo‘lardi, deyapti, lekin Amorim Amaddan shu qanotda literal yasamoqchi, u «Sporting»da ham qanotlarda hujumkorroq futbolchidan foydalangan. Shunday bo‘lsa-da, hozircha to‘p bilan o‘yin uslubi va xavf zonalari o‘xshash bo‘lgan bu ikki futbolchi bir-biriga xalaqit berayotgandek tuyulmoqda. Balki aksincha, agar o‘zaro tushunish darajasi oshib, avtomatizm shakllansa, liganing eng xavfli qanotiga ham aylanishi mumkin.

Yana bir holat, shu yili yanvar-fevral oylarida Afrika Millatlar kubogi bo‘lib o‘tadi. Mbeumo Kamerun terma jamoasiga ketgan paytda bir necha muhim o‘yinlarda undan foydalanishning iloji bo‘lmaydi.

TRENT ALEKSANDR-ARNOLD

26 yosh. «Liverpul»dan «Real»ga – 10 million yevro

Plyus: «Real» himoya chizig‘iga bir necha futbolchi qo‘shib olgan bo‘lsa-da, eng ahamiyatli transfer sifatida Trent tanlashini to‘g‘riroq. Angliyalik futbolchining ustunligi aslida himoyadagi ishonchli harakatlari emas, hujum tashkil qilish, to‘p nazoratidagi ishtirokidir. Trent Aleksandr-Arnold maydonning istalgan burchagiga aniq va muhim uzatmani amalga oshirishga qodir, «Real»da esa bunday paslardan samarali foydalana oladigan hujumchilar bor. Kroos va Modrich ketganidan keyin «Real»da mana shu yo‘nalishda kamchilik yuzaga kelgandi, Trent esa aynan mana shu muammo uchun yechim hisoblanadi. Shuningdek, standart vaziyatlardan ham juda yaxshi foydalana oladi. Transfer madridliklar uchun deyarli tekinga tushganini e’tiborga olsak, ajoyib kelishuv.

Minus: Trentning himoyalanishda, yakkakurashlarda u qadar kuchli emasligi ma’lum, bu kamchilik «Liverpul»da futbolchining yuqorida tilga olingan o‘ziga xos xususiyatlari va yaxshi tizim orqali yopib kelingan. Lekin «Real» yangi murabbiy qo‘li ostida qaytadan qurilayotgani, himoya chizig‘iga boshqa yangi va yosh futbolchilar ham olingani tufayli dastlabki oylarda ba’zi muammolar bo‘lishi mumkin. Albatta, Alonso hammasini hisobga olgan, o‘rinli foydalanilsa, futbolchining ijobiy ta’siri salbiy tomonini sezdirmasligi mumkin.

EBERECHI EZE

27 yosh. «Kristal Pelas»dan «Arsenal»ga – 69 million yevro

Plyus: Arteta ayniqsa so‘nggi mavsumda o‘yin qurish muammolaridan ko‘ra, jarohatlardan ko‘proq aziyat chekdi. Mavsum o‘rtasiga kelganda hujum chizig‘idagi futbolchilarning hech biri jamoaga yordam bera olmay qoldi: Saka, Edegor, Jyezus, Havers va Martinelli turli muddatlarga safdan chiqqan, natijada tayanch yarimhimoyachisi Merinoni markaziy hujumchi sifatida o‘ynatishga to‘g‘ri kelgandi. Eze va Madueke kabi futbolchilarning transferi aslida qimmat, go‘yoki asosiy tarkib uchun sarflanadigan pul bo‘lsa-da, aynan rotatsiya uchun ham juda muhim. Shuncha futbolchi nima uchun kerak, deb hayron bo‘lganlar ikkinchi turdayoq Saka va Edegor jarohat olib maydonni tark etganida barchasini tushunib yetishdi. Tasavvur qiling, mana shu transferlarsiz Artetaning holati qanday kechardi? Endi esa ikki yetakchi futbolchisisiz ham jamoa «Enfild»da munosib kurasha oldi.

Eze ham chap qanotda, kerak bo‘lganda Edegorning o‘rnida ham harakat qila oladi. «Kristal Pelas» va terma jamoada u turli vazifalarni bajargan, hatto hujumchi sifatida ham o‘ynashi mumkin. Martinellidan farqli ravishda u chap qanotdan markazga ko‘chishi, jamoa o‘yiniga rang-baranglik olib kirishi mumkin.

Shuningdek, yana bir muhim jihat, Eberechi Eze aslida «Arsenal» tarbiyalanuvchisi hisoblanadi va klubga qaytish uchun «Tottenhem»ning aniq taklifini rad qildi, ya’ni Arteta jamoasiga qo‘shilish uchun bor imkoniyatini ishga soldi.

Minus: Ezega bo‘lgan qiziqish yozning boshidan aytilgan bo‘lsa-da, o‘rtada bir muddat bu qiziqish susaygani, yuqorida aytilganidek, Eze «Tottenhem»ga o‘tib ketishi mumkin bo‘lganini ham ta’kidlash kerak. Ya’ni go‘yoki «Arsenal» shunaqa imkoniyat paydo bo‘lib qolgani uchungina transferga qo‘l urgandek. Jamoa tizimiga Havers-Martinelli o‘rniga Gyokeresh-Ezeni olib kirish ancha murakkab jarayon va bu tez hal bo‘lmasligi mumkin.

ALEKSANDR ISAK

25 yosh. «Nyukasl»dan «Liverpul»ga – 144 million yevro

Plyus: Aleksandr Isak ko‘p mutaxassislarning fikricha, ayni damda dunyoning eng yaxshi hujumchilaridan biri. Transfer bozorida esa eng zo‘ri, ya’ni Mbappe yoki Holandni qo‘shmaymiz. Uning transferi «Liverpul»ga ko‘p foyda keltirishi mumkin. Eng muhimi, Isak kerak bo‘lganda klassik hujumchi sifatida ham o‘ynay oladi, lozim bo‘lganda orqaroqqa ham qaytadi. «Nyukasl»da u yakka o‘zi ham, Uilson bilan tandemda ham muvaffaqiyatli to‘p sura olgan. «Liverpul»da Muhammad Saloh kabi boshqa to‘purar borligi ham inobatga olinsa, bu juda kerakli xususiyat. Isak to‘psiz harakatlari orqali ham, kombinatsiyalarda ishtirok etish orqali ham, Muhammad Saloh uchun vaziyatlar yaratishi, zonalar ochishi mumkin.

Minus: Isakning «Nyukasl»ni tark etish istagi qat’iy ekani biroz kechroq ma’lum bo‘ldi. Aks holda, balki «Liverpul» Yugo Ekitike uchun buncha ko‘p pul sarflamasdi. Aynan Isakning transferi qaysidir ma’noda Ekitike transferi ahamiyatini pasaytiradi, Zero, har ikki futbolchining farqli jihatlaridan ko‘ra o‘xshash tomoni ko‘proq, maydonda bir xil vazifalarni bajarishadi.

FLORIAN VIRS

22 yosh, «Bayyer»dan «Liverpul»ga – 125 million yevro

Plyus: Yosh futbolchilar ichida dunyoning eng iste’dodli va istiqbolli futbolchilaridan biri. «Bayyer»da so‘nggi ikki mavsumda gol va pas bo‘yicha 34+33 ko‘rsatkich qayd etgan. Mana shu muvozanatdan ham ko‘rish mumkinki, Virs ham hujumni yakunlashda, ham o‘yinni tashkil qilishda birdek samarali harakat qila oladi. Ko‘pchilik Alonso «Real»ga o‘tgach, eng yaxshi shogirdini ham Madridga olib ketishini taxmin qilgandi. Balki «Real»ning o‘zi ham futbolchi «Bavariya»ni rad etgach, boshqa raqobatchisi yo‘qdek his qilgandir. Ammo Virs kutilmaganda «Liverpul»ni tanlashi ko‘pchilikni hayron qoldirdi. «Liverpul» nafaqat maydonda, endi transfer bozorida ham istalgan klub bilan raqobat qilishga tayyor ekanining namoyishi ham edi bu.

Minus: «Ko‘pchilik hayron qoldi» – bu jumlaning zamirida shu yotibdiki, odatda «Liverpul» asosan o‘zi yulduz yetishtirar yoki aniq bir pozitsiya uchun futbolchilarni sotib olardi. Virs transferi har ikki holatga ham tushmaydi, klubning biz o‘rganib qolgan siyosatiga zid. Ya’ni klub avval yulduz futbolchini sotib olib, keyin u uchun pozitsiya topib berishi kerak, zero shu paytgacha Klopp davrida ham, Slotda ham aynan Virsning pozitsiyasi yo‘q edi. Demak, futbolchini tarkibga qo‘shish biroz qiyinchilik olib kelishi mumkin. Yaxshiki, «Liverpul»ning o‘zi Isakni qimmatroqqa olib, Virsni «APLning eng qimmat xaridi» maqomidan ozod qildi. Futbolchining narxi ham qo‘shimcha bosim bo‘lgan bo‘lardi.

JOAO PEDRO JYEZUS

23 yosh. «Brayton»dan «Chelsi»ga – 64 million yevro

Plyus: «Chelsi» ushbu transferdan qanday foyda olishi mumkinligini klublar o‘rtasidagi jahon chempionati ham ko‘rsatib berdi. Hech qanday mashg‘ulotlarsiz, turnir davomida tarkibga qo‘shilgan hujumchi pley-off o‘yinlarida ham, finalda ham asosiy figuraga aylandi. O‘ziga yarasha universal bo‘lgan Joao muhim gollari bilan birdaniga Jyeksonning o‘rnini olib qo‘ydi, qolaversa, Palmer bilan anchadan beri birga o‘ynab yurgandek juda kuchli tandem hosil qildi. Nikolas Jyekson «Chelsi» tarkibida ko‘p gol urgan bo‘lsa-da, Joao Pedroda top futbolchilarga xos elegantlik bor va aynan shu jihati bilan u muxlislarni o‘ziga jalb qiladi. Shuningdek, Jyeksondan farqli ravishda u yana bir yangi xarid – Liam Delap bilan ham tandemda o‘ynashi mumkin.

Minus: Aynan universallik futbolchining kamchiligi sifatida ham namoyon bo‘lishi mumkin. «Chelsi» yarimhimoya chizig‘iga juda ko‘p futbolchi oldi – Palmer, Garnacho, Gittens, Netu, Estevao kabi futbolchilar qanotlar orqali vaziyatlar yaratishganda hujumlarni yakunlovchi hujumchi jarima maydonida kerak bo‘ladi. Joao esa biroz boshqacha uslubga o‘rgangan, u jarima maydonidan ko‘ra uning tashqarisini yaxshi ko‘radi va bu jihatdan «MYu»dagi Joshua Zirkzeni ham eslatib yuboradi. Ya’ni klub yaxshi pul sarflab ham aslida bo‘lajak to‘purarni qo‘lga kiritmagan bo‘lishi mumkin.

JANLUIJI DONNARUMMA

26 yosh. «PSJ»dan «Manchester Siti»ga – 30 million yevro

Plyus: O‘tgan mavsumning eng yaxshi darvozaboni, «Oltin to‘p» nomzodlari qatoriga kiritilgan futbolchi. Jiji hatto «Oltin to‘p»ni yutsa ham e’tirozlar bo‘lmasligi kerak, axir aynan uning harakatlari yordamida «PSJ» Chempionlar Ligasida «Liverpul», «Arsenal» kabi jamoalarni dog‘da qoldirgandi. Uning seyvlari va ishonchli o‘yini Dembelening gollaridan ham ahamiyatliroq bo‘lgandi. Tabiiyki, bunday darvozabonni atigi 30 million yevro evaziga qo‘lga kiritish katta yutuq. Bu yerda Donnarummaning «PSJ» bosh murabbiyi Luis Enrike bilan munosabatlari ham rol o‘ynadi, shu bilan birga, uni qo‘lga kiritishda «MYu», «Chelsi», «Galatasaroy» kabi klublar ham raqobat ko‘rsatganini unutmaslik kerak. «Manchester Siti» so‘nggi paytlarda ancha vertikallashayotgani, raqiblarga avvalgidan ancha ko‘p vaziyat yaratishga imkon berayotganini e’tiborga olsak, Edersonning to‘p bilan yaxshi o‘ynashidan ko‘ra, Donnarummaning chiziqda va standartlardagi ishonchli o‘yini foydaliroq bo‘lishi mumkin.

Minus: Donnarummaning ustunliklarini inkor qilmagan holda, futbol olami uni asosan «PSJ» tarkibidagi pley-off bahslarida ko‘rganini ham tan olish kerak. Fransiya chempionatida, ya’ni uzunroq masofada uning ko‘rsatkichlari yaxshi emas, seyvlar ko‘rsatkichi bo‘yicha ligada o‘tgan mavsum 21-o‘rinni egalladi. U ba’zida juda kuchli o‘yin o‘tkazib, qaytarish mumkin bo‘lmagan zarbalarni qaytarishi, boshqa safar esa qo‘pol xatolarga yo‘l qo‘yishi mumkin. Undan nima kutishni bilmasangiz, o‘yinni boshqarish qiyin, Gvardiola esa hamma narsani boshqarishni yaxshi ko‘radi. Ikkinchidan, klub katta pulga asosiy posbon sifatida Jyeyms Traffordni ham sotib olgandi, endi u ham norozi bo‘lishi mumkin.

XAVI SIMONS

22 yosh. «Leypsig»dan «Tottenhem»ga – 60 million yevro

Plyus: Xuddi Virs kabi o‘z yosh toifasida dunyoning eng iste’dodli futbolchilaridan biri. Xavi anchadan beri top-klublar kuzatuvida edi – goh «Barselona», goh «Bavariya» u bilan qiziqib kelgan. Shu yozning o‘zida ham uning «Chelsi» a’zosiga aylanishi vaqt masalasi bo‘lib ko‘rinayotgandi, lekin «ko‘klarning» suskashtligidan Londonning boshqa bir jamoasi foydalanib qoldi. Mbeumo, Savinio, Rodrigo kabi futbolchilar uchun harakatlari muvaffaqiyatsizlikka uchragan klub uchun shunday katta transfer kerak edi. Simons 22 yoshda, hujum ortidagi har qanday pozitsiyada foyda keltira oladi. Meddisondan farqi, Xavi tezkor, dribling yordamida xavfli zonalarga yorib kirishi, sheriklariga vaziyatlar yaratishi mumkin. Vingerlar bilan ham, hujumchilar bilan ham tandemda samarali o‘ynay oladi.

Minus: Transferlar yordamida «Tottenhem»da o‘xshash vazifalarni bajaradigan, lekin hali top darajaga yetmagan futbolchilar soni ko‘payib ketdi. Kolo-Muani, Risharlison, Tel, Solanke, Quddus, Jonson, Meddison, Kulushevski va Simons – 4 pozitsiya uchun 9 futbolchi. Natijada masalan, bir qator futbolchilar YeChL zayavkasidan tushib qolishdi ham. Tomas Frank uchun raqobat yaxshidir, ammo har bir futbolchini yaxshi formada va kayfiyatda ushlab turish oson bo‘lmaydi.

Q.Aslanov tayyorladi

Manba: Kun.uz

Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing
Yangiliklar » Sport » Yozda amalga oshgan asosiy 10 transferning "plyus" va "minus"lari...