Germaniya milliy jamoasi ustozi Yulian Nagelsman Slovakiyaga qarshi kechgan uchrashuvdagi mag‘lubiyatdan so‘ng qattiq tanqidiy fikrlar bildirdi. Uning ta’kidlashicha, bunday o‘yin bilan Jahon chempionatiga yo‘l olish va unda munosib qatnashish haqida gapirish ortiqcha.
"Rostini aytsam, hech qanday bahona yo‘q. Har bir futbolchi shuni anglab olishi lozimki, bizning maqsadimiz — Jahon chempionatiga borish va u yerda munosib ishtirok etish. Ammo bugungi bahsda ko‘rsatilgan o‘yin bilan biz mundialga munosib emasligimizni ko‘rsatdik.
Ko‘pchilik: ’Eng kuchli tarkibni yig‘ish kerak’, deydi. Biroq men uchun muhim jihat — kim haqiqatan ham bor kuchini maydonga qo‘ya oladi. Faqat nomiga kuchli futbolchilar emas, balki maydonda yuragi bilan kurashadiganlarni chaqirish vaqti keldi. Milliy jamoa uchun o‘zini ayamaydigan yigitlar kerak, bundan boshqasi emas", — deya izhor etdi Nagelsman.
Murabbiyning bu so‘zlari Germaniyadagi keng muhokamalarga sabab bo‘ldi. Muxlislar ham futbolchilardan faqat natija emas, balki ruhiy barqarorlik va chinakam fidoyilik kutishmoqda.
“Zamin”ni Telegramʻda oʻqing!