date

Tayson va Meyvezer 2026 yilda ringga chiqadi

Tayson va Meyvezer 2026 yilda ringga chiqadi

Boks olamining ikki afsonaviy nomzodi — Mayk Tayson va Floyd Meyvezer 2026 yil bahorida ko‘rgazmali jang o‘tkazishi kutilmoqda. Bu haqda TMZ nashri xabar berdi.

Ko‘rgazmali jangning asosiy farqi — uning natijalari rasmiy hisobga kiritilmaydi, ya’ni bokschilarning g‘alaba yoki mag‘lubiyat statistikasiga ta’sir qilmaydi. Hozircha jang sanasi va o‘tkaziladigan joyi oshkor etilmagan, ammo taraflar shartnoma imzolagan.

Mayk Tayson bu borada quyidagicha fikr bildirdi:

«Men ham, dunyo ham bu jang haqiqatga aylanishini tasavvur qilmagan edi. Ammo boks yangi va kutilmagan davrga kirdi. Rostini aytsam, Floyd rozi bo‘lganiga hali ham ishonmayman. Bu uning sog‘lig‘iga salbiy ta’sir qilishi mumkin».

Floyd Meyvezer esa javoban shunday dedi:

«Men 30 yildan buyon ringdaman va merosimni shubha ostiga qo‘yadigan raqib hech qachon bo‘lmagan. Agar jang qilsam, bu epik va afsonaviy bo‘lishi shart. Men boks tarixida eng zo‘rman».

Floyd Meyvezer — beshta vazn toifasida jahon chempioni va 1996 yil Olimpiadasida bronza medali sohibi. U o‘zining butun faoliyati davomida birorta ham mag‘lubiyatga uchramagan. 2017 yilda u Konor Makgregorga qarshi jangda g‘alaba qozongan edi.

Mayk Tayson esa 50 ta g‘alaba va 6 ta mag‘lubiyatga ega. Uning so‘nggi professional jangida 2005 yilda Kevin Makbrayd ustun kelgan. 2024 yilda esa Tayson 19 yillik tanaffusdan keyin ringga qaytib, bloger Jeyk Polga mag‘lub bo‘ldi.

Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing
Yangiliklar » Sport » Tayson va Meyvezer 2026 yilda ringga chiqadi