Niderlandiya milliy terma jamoasi hujumchisi Memfis Depay o‘z nomini mamlakat futbol tarixi sahifalariga yozib qo‘ydi. U yangi rekord o‘rnatib, milliy jamoa safida eng ko‘p gol urgan futbolchiga aylandi.
Mazkur tarixiy daqiqa 2026 yilgi Jahon chempionati saralash bosqichi doirasidagi Niderlandiya – Litva o‘yinida qayd etildi. Hozirgi paytda Braziliyaning mashhur “Korintians” klubi sharafini himoya qilayotgan Depay bahsning 11-daqiqasida Kodi Gakpo yo‘llagan aniq pasdan keyin darvozani ishg‘ol qildi va hisobni ochdi.
Bu gol uning terma jamoa safida o‘tkazgan 104-uchrashuvidagi 51-goli sifatida tarixga kirdi. Shu tariqa, Depay 102 ta o‘yinda 50 bor raqib darvozasini ishg‘ol etgan Robin van Persining natijasini ortda qoldirdi va mutlaq yetakchiga aylandi.
Futbol ekspertlari va muxlislar bu yutuqni Niderlandiya futboli uchun yangi tarixiy marra sifatida baholashmoqda. Chunki Depay nafaqat o‘zining shaxsiy statistikasini yangiladi, balki butun jamoa uchun ham katta ruhiy qo‘llov baxsh etdi.
Shu bilan birga, jamoa safdoshlari ham rekordchi hamyurtini qutlab, unga yana ko‘plab gollar tilashdi. Mutasaddilar fikriga ko‘ra, Depayning yuqori sport formasi va tajribasi Niderlandiya uchun saralash bahslarida ham, Jahon chempionatida ham hal qiluvchi ahamiyat kasb etishi mumkin.
“Zamin”ni Telegramʻda oʻqing!