APL 5-turidan o‘rin olgan “Old Trafford”dagi markaziy bahs – “Manchester Yunayted” va “Chelsi” jamoalari o‘rtasida keskin va dramatik tarzda kechdi. Ushbu to‘qnashuvda har ikki jamoa maydondan bittadan o‘yinchisini yo‘qotdi.
Bellashuvning uchinchi daqiqasidayoq londonliklar posboni Robert Sanches raqib hujumchisi Brayan Mbemoga qarshi qoida buzgani uchun to‘g‘ridan to‘g‘ri qizil kartochka oldi. Bu holat “Chelsi”ni dastlabki daqiqalardanoq og‘ir ahvolga soldi. Keyinroq “Yunayted” yarim himoyachisi Kazemiro ham ikkinchi ogohlantirishdan keyin maydonni tark etishga majbur bo‘ldi.
Uchrashuvdan so‘ng “Chelsi” bosh murabbiyi Enso Mareska jurnalistlar savollariga javob berar ekan, vaziyatga o‘z nuqtayi nazarini bildirdi:
— Darvozabon shunday vaziyatlarda juda tezkor qaror qabul qilishiga to‘g‘ri keladi. Ammo mening shaxsiy fikrim – Robert gol o‘tkazishga yo‘l qo‘ygani ma’qul edi. Chunki o‘yin endigina boshlandi, oldimizda hali 95 daqiqa vaqt bor edi. Bir kishi kam o‘ynaganimizdan ko‘ra, hisobda 0:1 bo‘lib qolishimiz yaxshiroq bo‘lardi, – dedi mutaxassis.
Murabbiy shu bilan birga Sanchesning qarorini tushunish mumkinligini ta’kidladi:
— Har holda buni aytish oson. Ammo o‘sha paytda Robertga atigi bir-ikki soniyada qaror chiqarishga to‘g‘ri keldi. Uning tanlovini ham qabul qilish kerak.
Mazkur bayonot “Chelsi” muxlislari va futbol jamoatchiligi orasida turli bahslarga sabab bo‘ldi. Ayrimlar Mareskaning fikriga qo‘shilsa, boshqalar bu vaziyatda posbonni himoya qilish kerakligini ta’kidlamoqda.
“Zamin”ni Telegramʻda oʻqing!