Israel Hayom nashri tarqatgan xabarga ko‘ra, Isroil xalqaro futboli uchun katta xavf tug‘ilishi mumkin. Seshanba kuni UYEFA ijroqo‘mitasi yig‘ilishida mamlakatni barcha xalqaro musobaqalardan chetlatish masalasi muhokama etilishi va ovozga qo‘yilishi kutilmoqda.
Bu tashabbusni Qatar ilgari surmoqda. Ma’lumotlarga qaraganda, so‘nggi hafta davomida Doxa diplomatik maydonda faol harakat qilib, ko‘plab davlatlarning qo‘llab-quvvatlovini yo‘qlagan. Hozircha 20 nafar ovoz beruvchi a’zolarning asosiy qismi chetlatish tarafdori, faqat ikki-uchta mamlakatgina bunga qat’iy qarshi ekanini bildirgan.
Qatarning bosimi Isroilning Doxada amalga oshirgan harbiy hujumidan keyin yanada ortib ketdi. Shu sabab, Qatar rasmiylari UYEFA tarkibidan Isroilni chiqarish uchun barcha imkoniyatlaridan foydalanmoqda. Agar qaror qabul qilinsa, Isroil futboli xalqaro sahnada katta yo‘qotishlarga duch kelishi mumkin.
Ayni vaqtda Isroildan faqatgina bir klub — «Makkabi Tel-Aviv» Yevropaning nufuzli turnirlaridan biri bo‘lgan Yevropa Ligasi guruh bosqichida ishtirok etmoqda. Qolgan jamoalar esa musobaqani tark etgan: «Xapoel Bier-Sheva» saralash bosqichida mag‘lub bo‘lgan, «Makkabi Hayfa» va «Beytar Iyerusalim» esa Konferensiyalar Ligasi saralashida muvaffaqiyatsizlikka uchragan.
Shu bilan birga, agar UYEFA ijroqo‘mitasi qarori ijobiy chiqsa, Isroil klublari xalqaro turnirlarda qatnashish imkoniyatidan mahrum bo‘ladi. Bu nafaqat mamlakat futboli, balki u yerda faoliyat yuritayotgan futbolchilarning kelajagiga ham jiddiy ta’sir ko‘rsatishi mumkin.
“Zamin”ni Telegramʻda oʻqing!