Angliya Premer-ligasining beshinchi turidan o‘rin olgan markaziy to‘qnashuv – “Arsenal” va “Manchester Siti” bahsi dramatik tarzda kechdi. Bellashuv Londondagi “Emireyts” arenasida bo‘lib o‘tdi va u chempionlik poygasidagi ikki kuchli klubning to‘qnashuvi sifatida katta qiziqish bilan kuzatildi.
Uchrashuv mehmonlar uchun yaxshi boshlandi. Endigina 9-daqiqada norvegiyalik hujumchi Erling Xoland aniq zarba bilan hisobni ochdi. Shundan so‘ng “shaharliklar” o‘yinni nazorat qilishga harakat qildi.
O‘zbek legioneri Abduqodir Husanov yana bir bor asosiy tarkibdan o‘rin oldi. Bu uning bir hafta ichida uchinchi marta boshlang‘ich tarkibda maydonga tushishi bo‘ldi. Birinchi bo‘limda u raqibning xavfli hujumchisi Leandro Trossarga deyarli imkoniyat bermadi. Yakkakurashlarda qat’iyat bilan harakat qilgan Husanov qanotda ishonchli o‘yin ko‘rsatdi.
Biroq 15-daqiqada o‘zbekistonlik himoyachi raqib sardori Gabriel bilan to‘qnashib, to‘pig‘idan jarohat oldi. Tibbiyot xodimlari yordam ko‘rsatgach, Husanov o‘yinni davom ettirdi. Shunga qaramay, tanaffus vaqtida Xosep Gvardiola xavfni oldini olish maqsadida uni zaxiraga olib, o‘rniga Mateush Nuneshni maydonga tushirdi.
“cityxtra.co.uk” saytida qayd etilishicha, Husanov birinchi bo‘limda hech kimni o‘tkazmagan, himoyada qat’iy harakat qilgan va o‘z zonasini ishonchli tarzda yopgan. Ekspert Vayam Laxotining fikriga ko‘ra, yosh himoyachi bosimga qaramay, juda maqtovga loyiq o‘yin ko‘rsatgan.
Hozircha, Husanovning jarohati qay darajada og‘ir ekani haqida rasmiy ma’lumot berilmadi. Ammo Gvardiolaning uni ehtiyot qilib, 45 daqiqadan so‘ng zaxiraga olishi hamyurtimizning sog‘lig‘iga jiddiy e’tibor qaratilayotganini ko‘rsatadi.
Eslatib o‘tamiz, “Manchester Siti” o‘yin oxirida gol o‘tkazib yubordi va bellashuv 1:1 hisobida yakunlandi. Bu natija "shaharliklar"ga bir ochko olib keldi, ammo g‘alabadan mahrum qildi.
“Zamin”ni Telegramʻda oʻqing!