Angliya Premer-ligasining beshinchi turida chempionlik uchun kurashayotgan ikki qudratli jamoa – "Arsenal" va "Manchester Siti" o‘zaro to‘qnash keldi. Turning markaziy uchrashuvi sifatida e’tirof etilgan ushbu bahsda Erling Xoland 9-daqiqada hisobni ochgan bo‘lsa, Gabriel Martinelli hakam tomonidan to‘xtalishlar uchun qo‘shib berilgan vaqtda “kanonirlar”ni mag‘lubiyatdan qutqarib qoldi.
Bir ochko Xosep Gvardiolaga juda qimmatga tushdi. Eng katta yo‘qotish keyingi paytda "shaharliklar"ning eng zo‘r himoyachisiga aylanib qolgan Abduqodir Husanovning safdan chiqqani bo‘ldi. Shikastlangan legionerni murabbiylar shtabi tanaffusda zaxiraga oldi. Husanovning o‘yindan chiqishi manchesterliklar himoya chizig‘ini sezilarli darajada zaiflashtirib qo‘ydi.
Har holda eng og‘riqli nuqta – o‘ng qanot himoyasini ishonchli qo‘rg‘onga aylantira olgan o‘zbek futbolchisi himoya markazidagilarga ham yordam berib kelayotgan edi.
Rayan Ayt-Nurining jiddiy jarohatidan keyin himoyaning chap qanotida uning yo‘qligini bildirmay kelayotgan Niko O’Rayli hamda jamoa to‘purari Erling Xoland ham "Arsenal"ga qarshi to‘qnashuvda ayrim muammolarga duch keldi.
Nufuzli manbalardan biri – thesportsbank.net sayti "Manchester Siti"dagi vaziyatga oydinlik kiritdi. Ushbu manba eksperti Pol Benksning "shaharliklar" jamoasidagi holat haqida to‘plagan ma’lumotlarini futbol ishqibozlari e’tiboriga havola etamiz:
— "Manchester Siti" to‘purari Erling Xoland chorshanba kuni tunda Angliya ligasi kubogi uchinchi bosqichi doirasida "Xaddersfild Taun" jamoasiga qarshi uchrashuvni o‘tkazib yuborishi mumkin. Bunga ikkita sabab bo‘ldi.
Birinchidan, "shaharliklar" bu musobaqada quyi liga vakiliga qarshi saf tortadi va bu bir necha kuch ichida ketma-ket uchta o‘yinda qatnashgan norvegiyalik forvard to‘liq salomat bo‘lgan taqdirda ham unga hordiq chiqarishi uchun dam berilishi kerak.
Ikkinchidan, Xolandning belida og‘riq paydo bo‘lgani uchun 25 yoshli futbolchi "Arsenal" bilan bo‘lgan o‘yinni oxiriga yetkaza olmadi. Shu bois, bo‘lajak bahsda Xolandni ko‘rmasligimiz haqiqatga yaqin.
"Arsenal" bilan kechgan o‘yinda shikastlangan ikki qanot himoyachilari – Niko O’Rayli hamda Abduqodir Husanov ham "Xaddersfild Taun"ga qarshi bo‘ladigan bahsda maydonga tushmaydi, - deb yozdi Pol Benks.
Eslatib o‘tamiz, bo‘lajak uchrashuvda Husanov, Xoland va O’Raylidan tashqari jarohati jiddiy bo‘lgan besh futbolchi – Rayan Sherki, Umar Marmush, Rayan Ayt-Nuri, Mateo Kovachich va Kelvin Fillips ham ishtirok etmaydi.
24-sentyabrga belgilangan Liga kubogi uchinchi bosqichi doirasidagi uchrashuvga "Xaddersfild Taun" jamoasi mezbonlik qiladi.
“Zamin”ni Telegramʻda oʻqing!