date

Ivan Boshkovich: "Buxoro"ni finalga chiqqani bilan tabriklayman

Ivan Boshkovich: "Buxoro"ni finalga chiqqani bilan tabriklayman

O‘zbekiston Kubogi yarim finali doirasida «Buxoro» va «So‘g‘diyona» klublari o‘rtasida kechgan dramatik bellashuvdan so‘ng, jizzaxliklarning bosh murabbiyi Ivan Boshkovich matbuot anjumanida o‘z fikrlarini bildirib o‘tdi. U avvalo raqibni finalga yo‘llanma olgani bilan tabriklab, ularga omad tiladi.

Mutaxassisning so‘zlariga ko‘ra, uchrashuv juda qiziq va keskin o‘tdi. Birinchi bo‘limda ikki bor to‘p o‘tkazib yuborilganiga qaramay, «So‘g‘diyona» jamoasi maydonga ruhan qaytib, hisobni tenglashtirishga muvaffaq bo‘ldi. «Biz raqibning asosiy kuchli jihatlarini yaxshi bilardik. Ular standart vaziyatlar va uzoq paslarda xavfli. Tanaffusda futbolchilarimga qo‘lni tushirmaslikni aytib, o‘z vaziyatimizni kutdik va gol urishimizga ishondik», – dedi u.

Shuningdek, u ekstra-taymlarda ham shogirdlari bor kuchini berganini, ammo «Buxoro» safidagi yosh futbolchi uzoqdan juda chiroyli va aniq zarba bilan gol urganini ta’kidladi. «Bugun menda jamoamga hech qanday e’tiroz yo‘q. Xarakter ko‘rsatdik, maydonda sifatli o‘yin ko‘rsatdik. Kubok yarim finaliga xos tarzda kechgan bahs bo‘ldi. Ruhiy zarba oldik, ammo bu bilan to‘xtab qolmaymiz», – deya qo‘shimcha qildi Boshkovich.

Shu bilan birga, u «Buxoro»ning dastlabki bo‘limda ikki bor hisobni ochishi rejalarga ma’lum darajada ta’sir qilganini aytdi. «Biz raqibning har qanday ssenariysiga tayyor edik. Ular o‘z maydonlarida, o‘z muxlislari qarshisida o‘ynadi va bu ustunlik berdi. Ochig‘i, penaltilar seriyasini kutgandim, ammo uzoqdan yo‘llangan zarba golga aylandi va barchasiga nuqta qo‘ydi», – dedi murabbiy.

Doriyevning bu bahsda omadi kelmagani haqidagi savolga esa, Boshkovich shunday javob berdi: «Agar gol va assistlarni birga hisoblasak, u hozirda birinchi o‘rinda. Har o‘yinda bir xil harakat qilishning iloji yo‘q. Raqiblar ham uni yopishadi. Doriyev gol urmagani uchun yutqazdik degan fikrdan yiroqman. Futbolda har narsa bo‘lishi mumkin. Asosiysi, butun jamoa maydonda borini berdi. Afsuslanishning hojati yo‘q, chunki yaxshi o‘yin namoyish etdik. Bugun bemalol uxlasak bo‘ladi».

Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing
Yangiliklar » Sport » Ivan Boshkovich: "Buxoro"ni finalga chiqqani bilan tabriklayman