Superliga 23-turidan o‘rin olgan “Andijon” – OKMK uchrashuvidan so‘ng mezbonlar bosh murabbiyi Maksim Shatskix matbuot anjumanida jurnalistlar savollariga javob berdi.
“Avvalo barchaga xayrli kech tilayman. Bugun biz chin ma’noda baxtli va shodmiz. Bu g‘alaba biz uchun katta ahamiyat kasb etadi. Andijon aholisi bu zafarni qariyb 16-yil davomida orziqib kutdi. Uchrashuvning birinchi qismida o‘yin to‘liq nazoratimiz ostida kechdi. Ikkinchi bo‘limda esa natijani saqlash uchun ko‘proq kuch sarfladik. Yigitlar so‘nggi daqiqalarga qadar bardosh berishdi, iroda va sabr bilan harakat qilishdi va oxirida kerakli g‘alabani qo‘lga kiritishdi. Shu natijaga biz to‘la-to‘kis munosib edik”, — dedi Shatskix.
Tajribali murabbiy o‘yindan to‘liq qoniqish hosil qilganini ta’kidladi:
“Ha, bugun biz kutgan barcha narsa amalga oshdi. OKMKga qarshi maydonga tushgan jamoamizdan men faqat mamnunman. Har bir futbolchi bor kuchini berdi, ularning har biri men uchun qahramon.”
Otabek Jo‘raqo‘ziyevning o‘yini haqida so‘ralganda esa Shatskix shunday izoh berdi:
“Unga hali yetarlicha ishonch yetishmayapti. Futbolda faqat gol urish emas, balki to‘pni uzatish, vaziyat yaratish ham muhimdir. Bu yerda unga yangi muhit, yangi jamoa. Vaqt kerak. U yuqori saviyadagi o‘yinchi va albatta o‘zini ko‘rsatadi.”
Shuningdek, murabbiy “Andijon”ning xalqaro maydondagi bo‘lajak uchrashuviga ham to‘xtaldi:
“Biz har qanday bahsga reja asosida tayyorlanamiz. Albatta, g‘alabani istaymiz, ammo futbolda natija doim ham kutilgandek bo‘lmaydi. Boshqa jamoalar ham g‘alaba uchun maydonga tushadi. Biz esa bor kuchimiz bilan raqibga qarshi kurashamiz.”
Golli vaziyatlardan foydalanish masalasiga oid savolga esa shunday javob berdi:
“Har bir uchrashuvda beshtadan gol urishimiz shart emas. Bu ‘Barselona’ emas, bu ‘Andijon’. ‘So‘g‘diyona’ga qarshi bahsda ham g‘alaba qozonishimiz kerak edi. Bugun esa ko‘plab imkoniyatlar yaratdik, ammo golga aylantirishda kamchiliklar bo‘ldi. Bu yo‘nalishda kun sayin ishlayapmiz. OKMK birinchi bo‘limda faqat bir marta darvozamizga zarba yo‘llay oldi. Ikkinchi qismida esa biz ortga chekinganimiz uchun ularda imkoniyatlar ko‘paydi. Ammo qanday bo‘lmasin, biz bugun g‘alabaga haqli edik.”
“Zamin”ni Telegramʻda oʻqing!