date

“Al-Hilol” Qarshida “Nasaf”ga qarshi bahsga yo‘qotishlar bilan keldi

“Al-Hilol” Qarshida “Nasaf”ga qarshi bahsga yo‘qotishlar bilan keldi

Saudiya Arabistonining mashhur klubi “Al-Hilol” elit Chempionlar ligasi 2-turidan o‘rin olgan muhim bahs uchun kecha Qarshi shahriga yetib keldi. Jamoa 29-sentyabr kuni soat 18:45da “Markaziy” stadionida mahalliy klub “Nasaf”ga qarshi safar o‘yinini o‘tkazadi.

Ushbu bellashuv oldidan ertaga mahalliy vaqt bilan soat 17:00da “Al-Hilol” bosh murabbiyi Simone Indzagi va jamoa a’zolaridan biri ishtirokida matbuot anjumani o‘tkazilishi rejalashtirilgan. Bu anjumanda jamoa oldida turgan vazifalar va uchrashuvga oid kutilgan natijalar haqida so‘z borishi kutilmoqda.

Biroq saudiyaliklarning tarkibida yirik yo‘qotishlar bor. Klub matbuot xizmati ma’lumotiga ko‘ra, bir qator yetakchi futbolchilar “Nasaf”ga qarshi bahsda jamoaga yordam bera olmaydi. Xususan, Saudiya termasi yulduzi Salem Al-Davsari, xavbek Abdulloh Al-Malki, portugaliyalik himoyachi Joau Kanselu hamda urugvaylik hujumchi Darvin Nunes individual reabilitatsiya dasturlari asosida klub bazasida davolanishni davom ettirmoqda.

Shu bois ular jamoa bilan birga O‘zbekistonga uchib kelmadi va “Nasaf”ga qarshi kechadigan bellashuvni albatta o‘tkazib yuborishi aniq bo‘ldi.

E’tiborlisi, “Al-Hilol”da bunday yo‘qotishlar bo‘lishiga qaramay, jamoa hali ham nufuzli tarkibga ega. Indzagi qo‘l ostidagi futbolchilarning salohiyati yuqori baholanmoqda va bu o‘yin “Nasaf” uchun jiddiy sinov bo‘lishi turgan gap.

Qarshidagi “Markaziy” stadionida o‘tadigan ushbu to‘qnashuv nafaqat musobaqa taqdiri, balki har ikki klub nufuzi uchun ham katta ahamiyat kasb etadi.

Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing
Yangiliklar » Sport » “Al-Hilol” Qarshida “Nasaf”ga qarshi bahsga yo‘qotishlar bilan keldi