O‘zbekistonlik UFC jangchisi Ramazon Temirovning taqdiri atrofidagi noxush xabar rasman tasdiqlandi. Combat Sports Anti-Doping (CSAD) tashkiloti ma’lum qilishicha, Temirov taqiqlangan modda — trimetazidin (TMZ)dan foydalangani uchun bir yil muddatga janglardan chetlatildi.
Trimetazidin — asosan yurak yetishmovchiligi va turli kardiologik xastaliklarda qo‘llanadigan preparat bo‘lib, UFC antidoping dasturida gormonal va metabolik modulyatorlar sinfiga kiritilgan. Ushbu moddaning har qanday sharoitda qo‘llanilishi mutlaqo man etilgan.
CSAD ma’lumotlariga ko‘ra, sportchidan olingan birinchi namuna 2025-yil 12 iyun kuni Tailandda musobaqadan tashqari davrda tekshirilgan va ijobiy natija ko‘rsatgan. Biroq jangchi bu haqda xabar topmagani uchun, 4 iyul kuni o‘tkazilgan ikkinchi tekshiruv ham qoidalarga ko‘ra yagona qoidabuzarlik sifatida baholandi.
Temirov suhbat jarayonida TMZdan foydalanganini yashirmadi va preparatni shifokor ko‘rsatmasiga binoan qabul qilganini ta’kidladi. Shu bois, uning harakatlari qasddan qonun buzish sifatida emas, balki tibbiy ehtiyoj ortidan sodir bo‘lgan holat sifatida qayd etilmoqda.
Shunga qaramay, UFC qat’iy tartib-qoidalari asosida bunday holatlar kechirilmaydi. Natijada, Temirov janglardan bir yilga uzoqlashadi.
Ma’lumot uchun, 27 yoshli Ramazon Temirov hozirgacha UFC oktagonida ikki bor jang o‘tkazgan va har ikkisida ham g‘alaba qozongan. Uning chiqishlari mahalliy va xalqaro MMA muxlislari orasida katta qiziqish uyg‘otgandi. Bir yillik diskvalifikatsiya esa yosh jangchining karerasida jiddiy to‘siq bo‘lishi mumkin.
Shu bilan birga, mutaxassislar uning sportga yana qaytib, o‘z yo‘lini davom ettirishiga ishonch bildirishmoqda.
“Zamin”ni Telegramʻda oʻqing!