Angliya Premer-ligasining 7-turini “Brentford” — “Manchester Siti” bahsi yakunlab berdi va “shaharliklar” safardan 1:0 hisobidagi muhim g‘alaba bilan qaytishdi. Yagona golni norvegiyalik to‘purar Erling Xoland 9-daqiqada kiritdi. Qolgan vaqtda ham tomonlar bir necha o‘tkir hujumlar uyushtirishdi, ammo hisob o‘zgarmadi.
Opta tahlil markazi ma’lumotiga ko‘ra, ushbu natija Xosep Gvardiola uchun tarixiy belgi bo‘ldi: u Premer-liga tarixida 250 g‘alabaga eng tez yetgan murabbiyga aylandi. Ispaniyalik mutaxassisga bu ko‘rsatkich uchun 349 o‘yin kifoya qildi (50 durang, 49 mag‘lubiyat). Ushbu natijagacha “Manchester Yunayted”ni boshqargan ser Aleks Fergyusonga 404, “Arsenal” ustozi Arsen Vengerga esa 423 uchrashuv kerak bo‘lgandi.
Gvardiola o‘yindan so‘ng rekord haqida so‘ralganda hazil-nazohat bilan hamkasblarini ziyofatga chorladi: “Men o‘zim rekordlarini urgan barcha murabbiylarni mehmonga taklif qilaman. Ular bilan bir dasturxonda o‘tirish men uchun katta sharaf. 10 ta mavsumda 250 ta g‘alaba harholda yomon natija emas. To‘g‘risi bundan xabarim yo‘q edi, eshitim juda mamnun bo‘ldim”, — dedi “Siti” bosh murabbiyi.
Keyinroq u ser Aleks Fergyuson hamda Arsen Vengerni alohida e’tirof etib, ular bilan bir dasturxon atrofida uchrashish istagini bildirdi. "Bu rekord men uchun juda katta ahamiyat kasb etadi, chunki bunaqa natijaga erishishning o‘zi bo‘lmaydi. Menga ser Aleks Fergyuson va Arsen Venger bilan bir qatorda turish sharaf. Ularni bir yaxshi ziyofatga taklif qilaman. Balki bu uchrashuv serquyosh joylarda bo‘lar. Yo‘q, yaxshisi Manchesterda o‘tiramiz", - dedi Xosep Gvardiola.
“Siti” safidagi o‘zbekistonlik himoyachi Abduqodir Husanov esa jarohati tufayli tarixiy bahsni chetdan kuzatdi. Jamoa endi navbatdagi turga tayyorgarlikni davom ettiradi — chempionlik poygasida har bir ochko qimmat.
“Zamin”ni Telegramʻda oʻqing! Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi?
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing Mavzuga oid yangiliklar