O‘zbekistonda tilla va qimmatbaho toshlar nazorati kuchaytiriladi

O‘zbekistonda zargarlik buyumlari aylanmasini nazorat qilish bo‘yicha yangi tartib joriy etilishi mumkin. Hukumat qimmatbaho metallar va toshlardan tayyorlangan mahsulotlarni majburiy raqamli markirovkalash loyihasini muhokamaga chiqardi.
Taklif etilayotgan tartib Asl belgisi tizimi orqali amalga oshiriladi. U zargarlik buyumlarining ishlab chiqaruvchidan savdo nuqtasigacha bo‘lgan harakatini elektron tarzda kuzatishga xizmat qiladi.
Birinchi bosqichda 2027 yil 30 dekabrgacha pilot loyiha o‘tkaziladi. Unda Gold Moon Tashkent, Sofizar, Merrit Jewellery va Termez Gold Production kompaniyalari qatnashadi.
2029 yil 1 yanvardan boshlab ishlab chiqaruvchilar va importchilar zargarlik buyumlarini majburiy markirovka qilishi kerak bo‘ladi. 2029 yil 1 apreldan esa bu talab chakana savdo uchun ham amal qiladi.
Har bir buyumga yoki uning birkasiga Data Matrix shtrixkodi joylashtiriladi. Kod orqali mahsulot haqidagi ma’lumotlar, uning harakati va sotuv jarayoni tizimda aks etadi.
Markirovka tizimi operatori CRPT TURON bo‘ladi. Eksperiment davrida kodlar biznes subyektlariga bepul taqdim etiladi.
Yangi tartib xaridorlarga ham qulaylik beradi. Ular mobil ilova orqali taqinchoqning haqiqiyligini tekshirishi mumkin. Kontrafakt mahsulot aniqlangan holatda davlat organlariga murojaat qilish imkoni yaratiladi.



























Izohlar 0
…