date

Husanovga raqobatchi Natan Ake uchun sinov: o‘yin amaliyoti yoki ketish

Husanovga raqobatchi Natan Ake uchun sinov: o‘yin amaliyoti yoki ketish

“Manchester Siti” tarkibi hozircha hech kimga yengillik bermaydigan darajada qudratli. 2026-yil AQSH-Kanada-Meksikadagi jahon chempionatiga yo‘l olmoqchi bo‘lgan bir qator yulduzlar ham shu dress-rumida. Abduqodir Husanov kelganidan boshlangan avlodlar almashinuvi esa ichki raqobatni yanada qizitib yubordi.

Shu raqobat tufayli ayrim futbolchilar klubda muntazam daqiqa ololmayapti. Bu esa ularning terma jamoadagi maqomiga ham ta’sir qilishi turgan gap. Eng yorqin misol — Natan Ake. Niderlandiya termasi bosh murabbiyi Ronald Kuman uni oktyabr yig‘iniga chaqirdi, biroq ochiq talab qo‘ydi: “Klubda doimiy o‘yin amaliyotisiz — termada joy yo‘q”.

Demak, Ake yanvarda katta qaror ostonasida: qolish va o‘zini qayta tiklashmi yoki muntazam maydonga tushish uchun yangi manzilga yo‘l olishmi?

Gvardiola hozir markazda ko‘proq Yoshko Gvardiol — Ruben Diash juftligiga ishonyapti. Ularning ortidan tajribali Jon Stounz va so‘nggi oylarda o‘zini ko‘rsata olgan Abduqodir Husanov navbat kutayapti. Husanovning ishonchli startlari Akening “ko‘zga-ko‘rinadigan daqiqa”larini yana qisqartirdi.

Akening ikkinchi “panoh”i bo‘lgan chap qanotda ham tirbandlik: yozda kelgan Rayan Ayt-Nuri va akademiya mahsuli Niko O’Rayli asosiy da’vogarlar sifatida ko‘rilmoqda. Natijada Natan joriy mavsumda bor-yo‘g‘i oltita o‘yinda maydonga tushdi, ularning ko‘pini zaxiradan.

Kuman bunga aniq baho berdi: “O‘yin amaliyoti — terma uchun tayyorgarlikning o‘zagi”. Bu ishora klublar bozoriga ham yetdi: yanvarda Ake uchun takliflar paydo bo‘lishi syurpriz bo‘lmaydi. Chunki u hali-hamon universallik (markaz/chap) va tajriba bilan qimmat.

Shu orada “Siti”da yozgi tozalash bo‘lib o‘tdi: Vitor Reys — “Jirona”ga, Maks Alleyn — “Uotford”ga, Manuel Akanji — “Inter”ga ijaraga ketdi. Abduqodir Husanov ham ijara ro‘yxatida turgandi, ammo Pep rejalari o‘zgardi — va u qoldi. Qolish bilan birga u markazdagina emas, jamoa uchun “og‘riq nuqta” bo‘lgan o‘ng qanotda ham ishonchli o‘yin ko‘rsatib, murabbiy ishonchini oshirdi.

Xulosa ravshan: “Siti”da palitra boy, raqobat murosasiz. Ake uchun eng to‘g‘ri yechim — muntazam o‘yin amaliyotini topish. Bu “Etixad”da bo‘ladimi yoki yangi manzilda — yanvar oyi javobni beradi. Terma jamoaga boradigan yo‘l esa, har holda, daqiqalardan boshlanadi.

Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi?
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing
Yangiliklar » Sport » Husanovga raqobatchi Natan Ake uchun sinov: o‘yin amaliyoti yoki ketish