Finlyandiyada futbol bo‘yicha g‘ayrioddiy voqea ro‘y berdi — mahalliy chempionatda ishtirok etuvchi “Finnkurd” klubi hujumchisi, 34 yoshli braziliyalik Jonatan Gerreyro o‘yindan so‘ng to‘g‘ridan-to‘g‘ri politsiya tomonidan hibsga olindi. Bu haqda Finlyandiya Milliy politsiyasi xabar berdi.
Ma’lumotlarga ko‘ra, hodisa 2025 yil 8 oktyabr, yakshanba kuni Espoo shahrida (Helsinki yaqinida) bo‘lib o‘tgan bahsdan keyin sodir bo‘lgan. Guvohlarning ta’rificha, o‘yin tugagan zahoti maydonga taxminan 20 nafar politsiya xodimi kirib, qo‘lga olish orderini ijro etgan.
Jonatan Gerreyro “Finnkurd”ning asosiy tarkibdagi futbolchisi va sardori hisoblanadi. U mavsumning so‘nggi uchrashuvida “EsPa/Renat” jamoasi darvozasiga yettita gol urgan — o‘yin 8:1 hisobi bilan yakunlangan. Bu natija tergovchilarda kuchli shubha uyg‘otgan.
Politsiya ma’lumoticha, hibsga olishning asosiy sababi — noqonuniy bukmekerlik foydasi uchun uyushtirilgan kelishilgan o‘yinlar haqidagi tergov bilan bog‘liq. Yana ikki braziliyalik futbolchi ham so‘roq qilingan, ularning telefonlari tekshirilgan va keyinchalik qo‘yib yuborilgan.
Finlyandiya futbol federatsiyasi politsiya operatsiyasi o‘tkazilganini tasdiqladi, ammo tergov sirlarini ochishdan bosh tortdi. Federatsiyaning bayonotida ta’kidlanishicha, bu ish mamlakat chempionati obro‘siga putur yetkazmasligi uchun ehtiyotkorlik bilan ko‘rib chiqiladi.
Stadion ma’muriyati final hushtagidan so‘ng chiqish eshiklarini yopib, “Finnkurd” futbolchilarini hujjatlar tekshiruvi uchun yig‘gan. Raqib jamoa a’zolari esa stadionni tark etishga ruxsat olgan.
Ayni paytda tergovchilar Gerreyroning 7 goli oldindan tashkil etilgan shartnoma yoki pul tikish bilan bog‘liq bo‘lishi mumkinligini tekshirmoqda. Agar bu ayb tasdiqlansa, futbolchi va klub jiddiy jazoga tortilishi ehtimoldan xoli emas.
Mutaxassislar fikricha, ushbu voqea Finlyandiya futboli tarixidagi eng katta “kelishilgan o‘yin” tergovlaridan biriga aylanishi mumkin.
“Zamin”ni Telegramʻda oʻqing!