O‘zbekiston U-20 yoshlar terma jamoasi noyabr oyida bo‘lib o‘tadigan FIFA kunlarida Xitoydagi xalqaro o‘rtoqlik turnirida ishtirok etadi, deb xabar berdi O‘zbekiston futbol assotsiatsiyasi matbuot xizmati. Bu musobaqa Ravshan Haydarov boshqaruvidagi yosh futbolchilar uchun Osiyo kubogi oldidan muhim sinov bo‘ladi.
Bahslar 12, 15 va 18-noyabr kunlari “Chengdu Sichuan” stadionida bo‘lib o‘tadi. Turnir doirasida O‘zbekiston yoshlar termasi Vetnam, Xitoy hamda Koreya Respublikasi yoshlar jamoalariga qarshi bahs olib boradi.
O‘zbekiston va Koreya o‘rtasidagi o‘yin rasmiy o‘rtoqlik bahsi emas, balki mashg‘ulot o‘yini maqomida o‘tkaziladi. Bu qaror har ikki jamoa Osiyo kubogida bir guruhdan joy olgani sababli qabul qilingan. Shu bois bellashuv asosiy tayyorgarlik jarayonining muhim qismi sifatida ko‘riladi.
Vetnam va Xitoyga qarshi uchrashuvlar esa rasmiy o‘rtoqlik bahsi sifatida o‘tkaziladi. Musobaqa davomida murabbiylar tarkibdagi yangi nomzodlarni sinovdan o‘tkazish, taktik sxema va jamoaviy o‘yinni takomillashtirishni rejalashtirmoqda.
Eslatib o‘tamiz, O‘zbekiston U-20 jamoasi avvalroq Qozog‘iston U-21 termasiga qarshi o‘rtoqlik bahsi o‘tkazib, ishonchli g‘alabaga erishgandi. Bu natija yosh futbolchilarning jamoaviy o‘yinda o‘sish borligini ko‘rsatgan edi.
Ravshan Haydarov ta’kidlaganidek, Xitoydagi turnir yoshlar uchun xalqaro tajriba to‘plash va jamoaviy birdamlikni kuchaytirish imkonini beradi. Murabbiy fikricha, shogirdlar Osiyo kubogigacha bo‘lgan vaqtni samarali foydalanish va asosiy tarkibni shakllantirishga qaratgan holda harakat qilmoqda.
Shu tariqa, “oq bo‘rilar” uchun Xitoydagi bellashuvlar katta musobaqalar oldidan jiddiy sinov va tajriba maydoni bo‘lishi kutilmoqda.
“Zamin”ni Telegramʻda oʻqing!