date

“Bavariya” yulduzi Harri Keyndan navbatdagi rekordli seriya...

“Bavariya” yulduzi Harri Keyndan navbatdagi rekordli seriya...

Angliya terma jamoasi va Germaniyaning “Bavariya” klubi hujumchisi Harri Keyn so‘nggi haftalarda haqiqiy to‘purarlik formasini namoyon etmoqda. 32 yoshli forvard nafaqat Bundesligada, balki Yevropa Chempionlar ligasida ham jamoasining yetakchi figurasiga aylandi, deb yozadi “Bavariya” rasmiy sayti.

So‘nggi uchrashuvda Keyn Chempionlar ligasi guruh bosqichi doirasida Belgiyaning “Bryugge” klubi darvozasiga aniq zarba yo‘llab, Myunxen jamoasining 4:0 hisobidagi yirik g‘alabasiga hissa qo‘shdi. Uning harakatlari “Bavariya”ning hujumdagi samaradorligini yana bir bor namoyon qildi.

Bu Keynning yevroturnirdagi navbatdagi goli bo‘ldi — bundan avval u “Chelsi” (3:1) va Kiprning “Pafos” (5:1) jamoalari darvozalarini ham ishg‘ol etgandi. Shu tariqa, ingliz hujumchi Yevropa musobaqalarida ham yuqori samaradorlik ko‘rsatmoqda.

Myunxenliklar safidagi o‘yinlarida ham Keynning nomi doimiy ravishda protokolda qayd etilmoqda. U Bundesliganing so‘nggi turlarida “Borussiya Dortmund” (2:1), “Ayntraxt” (3:0), “Verder” (4:0), “Xoffenxaym” (4:1) va “Gamburg” (5:0) kabi jamoalar darvozabonlarini ojiz qoldirdi. Har bir o‘yinda u nafaqat gol urish, balki hujumni tashkil etishda ham faol ishtirok etmoqda.

Klubning rasmiy ma’lumotlariga ko‘ra, Harri Keyn ilk bor o‘z faoliyatida qatorasiga sakkizta uchrashuvda gol urishga erishdi. Bu natija hujumchining “Bavariya” tarixidagi eng yaxshi mavsumlaridan biri sifatida qayd etilmoqda.

Myunxen klubi muxlislari esa Keynning bu g‘alabali seriyasi tugab qolmasligiga umid qilishmoqda. Chunki oldindagi uchrashuv ham juda muhim — “Bavariya” 25-oktyabr kuni Bundesliganing sakkizinchi turida “Borussiya" Myonxengladbax mehmoni bo‘ladi. Agar Keyn bu bahsda ham o‘z golli seriyasini davom ettira olsa, u shaxsiy rekordini yanada uzaytirib, yangi tarixiy natija o‘rnatadi.

Tahlilchilarning fikricha, Harri Keynning pozitsiyadagi harakat erkinligi, kuchli zarbalar va to‘psiz holatdagi pozitsion fikrlashi jamoaning hujum salohiyatini yanada oshirdi.

Keynning statistikasi ham bunga yaqqol dalil: u joriy mavsumdagi barcha musobaqalarda jami 12 ta gol va 5 ta golli uzatmani amalga oshirgan. Murabbiylar uning professionallik darajasini va maydondagi liderlik fazilatlarini alohida ta’kidlashmoqda.

“Harri Keyn hozircha ‘Bavariya’ tarixidagi eng muvaffaqiyatli mavsumini boshlagan hujumchilardan biri. Uning harakati jamoaga ishonch, muxlislarga esa umid baxsh etmoqda”, — deyiladi klub bayonotida.

Shunday qilib, ingliz forvardining yangi rekordlar seriyasi hali nihoyasiga yetgani yo‘q. Agar u “Borussiya” Myonxengladbax darvozasini ham ishg‘ol etsa, bu nafaqat shaxsiy, balki klub darajasida ham muhim tarixiy sahifani yozib qo‘yishi mumkin.

Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi?
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing
Yangiliklar » Sport » “Bavariya” yulduzi Harri Keyndan navbatdagi rekordli seriya...