
O‘zbekiston U-17 terma jamoasi bosh murabbiyi Islombek Ismoilov jamoaning Qatarda bo‘layotgan o‘smirlar o‘rtasidagi Jahon chempionatidagi ishtiroki haqida fikr bildirdi. 33 yoshli mutaxassis bu haqda o‘zining Facebook’dagi sahifasida yozib qoldirdi.
«Hurmatli muxlislar, futbol ixlosmandlari, ota-onalar, murabbiylar va O‘zbekiston futboli uchun kuyib-yonadigan aziz yurtdoshlar!
Bugun biz Jahon chempionatidagi ishtirokimizni yakunladik. Shu bilan birga, 3-yil davomida yuragim bilan xizmat qilgan U17 jamoamizning ham faoliyati nihoyasiga yetdi.
Bu yo‘l men uchun shunchaki ish emas edi — bu sharaf, mas’uliyat va Alloh bergan sinov bo‘ldi.
Uch yil davomida biz bu jamoa bilan mashaqqatli mashg‘ulotlar, quvonchli g‘alabalar, og‘ir mag‘lubiyatlar bilan yonma-yon bordik. Yaxshi kunlarda ham, yomon kunlarda ham birga edik. Osiyo chempionligi — bu avlodning matonati va mehnati.
2025-yilda Osiyo chempioni bo‘lish — bu bolalarimizning jasorati, mehnati va intilishi. Bu natija O‘zbekiston futboli tarixiga oltin harflar bilan yozilib bo‘ldi.
Hech qachon unutmayman: har bir mashg‘ulotda, har bir turnirda biz O‘zbekiston bayrog‘ining sha’nini himoya qildik. Har bir o‘yin oldidan bitta fikr bo‘lardi. «Bu Vatan uchun jon fido»
Men murabbiy sifatida bir narsaga qat’iy amal qildim: adolat va halollik. Hech kimning ismini, klubini yoki tanish-bilishligini emas, faqat mehnatini, xarakterini, munosibligini tanladim.
Bu jamoaga chaqirilgan har bir futbolchi bunga haqli edi. Shu qarorlarim uchun bugun ham, ertaga ham boshim baland.
Bizni qo‘llab-quvvatlagan, duo qilgan, ishonch bergan O‘zbekiston xalqiga bosh egib minnatdorlik bildiraman. Biz sizning muhabbatingizni, sizning mehringizni har bir daqiqada his qildik. Sizning ishonchingiz bizning eng katta kuchimiz bo‘ldi.
U 17 terma jamoasining har bir muvaffaqiyatida O‘FA rahbariyati, texnik bo‘lim va futbolni rivojlantirishni maqsad qilgan barcha insonlarning ulkan hissasi bor.
Menga ishongan, men bilan birga yonib kuygan, har bir mashg‘ulotda va har bir musobaqada yonimda yurgan yordamchi murabbiylarimga, shifokorlarga, analiz bo‘limiga, butun shtabga alohida minnatdorchilik bildiraman. Sizlar bo‘lmaganda bu yo‘l bu darajada kuchli bo‘lmas edi.
Uch yil davomida men bilan ishlagan barcha futbolchilarimga aytadigan gapim bitta:
Sizlar mening faxrim bo‘lib qoldingizlar. Maydonda yutdingiz ham, yutqazdingiz ham — lekin hech qachon taslim bo‘lmadingiz.
Men sizlarga ishonaman. Sizlar hali katta futbolni zabt etasizlar. Sizlar O‘zbekiston futbolining ertangi kuni, ertangi yulduzlarisiz.
Bu yakun — bir eshikning yopilishi emas. Bu yangi bosqichning boshlanishi
Bugun mening yo‘lim bu jamoa bilan tugadi.
Rahmat, O‘zbekiston!
Rahmat, mening ukalarim!
Rahmat, barcha qo‘llab-quvvatlagan yurtdoshlar», - dedi Ismoilov.
“Zamin”ni Telegramʻda oʻqing!Mehmon guruhidagi foydalanuvchilar ushbu nashrga izoh qoldira olmaydi.