
O‘zbekiston milliy terma jamoasi xalqaro o‘rtoqlik turniri finalida Eron bilan bellashib, dramatik penaltilar seriyasida munosib g‘alabaga erishgani haqida avval xabar bergandik. Mazkur o‘yindan keyin Erondagi qator sport kanallari va nashrlar terma jamoamizning o‘yinini yuksak baholab, o‘ziga xos mehr bilan fikr bildirishmoqda.
Mahalliy Eron kanallaridan biri o‘z sharhida shunday deya ta’kidlagan:
"O‘zbekistonni yengish bir taraf, ularning darvozasini ishg‘ol qilishning o‘zi ham endi orzuga aylanib bormoqda".
Bu fikrlar bejiz emas. Chunki oxirgi ikki o‘zaro to‘qnashuvda ham Eron terma jamoasi bizning darvozamizga yo‘l topa olmadi. O‘tgan uchrashuvdagi 1:0 hisobidagi g‘alaba ham aynan terma jamoamizning ishonchli himoyasi va mas’uliyatli o‘yini bahosida qo‘lga kiritilgan edi. Bu galgi finalda esa jamoamiz yana bir bor tartib-intizom, kuchli xarakter va mental baquvvatlikni namoyish etdi.
Finaldagi o‘yinda birinchi daqiqalardanoq tarkibimiz o‘zini katta musobaqalarga tayyor ekanini ko‘rsatdi. Har bir kurash, har bir pas va har bir harakatda o‘yinchilarning ishtiyoqi sezilib turdi. Eronning yuqori bosimiga qaramay, jamoa vaziyatni nazorat qilgan holda o‘z darvozasini ishonch bilan himoya qildi.
Penaltilar seriyasidagi qat’iyat esa alohida e’tirofga loyiq bo‘ldi — futbolchilarimiz bir zum ham ikkilanmay, sovuqqonlik va aniq zarbalar bilan g‘alabani qo‘lga kiritishdi.
Eron OAVning bunday mulohazalari, aslida, terma jamoamizning so‘nggi yillardagi o‘sish sur’ati va Kannavaro qo‘l ostidagi taktik barqarorlikka berilgan e’tirofdir.
Jamoamiz endi navbatdagi yig‘inlarga ham shunday ruhda tayyorlansa, muxlislarimizni yana ko‘p quvonchli lahzalar kutyapti, shubhasiz.
“Zamin”ni Telegramʻda oʻqing!Mehmon guruhidagi foydalanuvchilar ushbu nashrga izoh qoldira olmaydi.