
19 yoshli o‘zbekistonlik grossmeyster Javohir Sindarov shaxmat olamida yana bir tarixiy yutuqka erishdi — u FIDE jahon kubogida g‘olib chiqqan eng yosh chempion sifatida tarixga kirdi. Finalda raqibi, xitoylik mahoratli shaxmatchi Yi Veyni dramatik tay-breyk seriyasida mag‘lub etgan yurtdoshimiz umumiy hisobda 2,5:1,5 natija qayd etdi.
Birinchi partiyalarda raqiblar teng kurash olib borishdi, biroq hal qiluvchi onlarda Sindarovning aniq hisoblangan taktikasi, jasorati va bosimga chiday olish mahorati unga oxirgi g‘alabani ta’minladi.
FIDE jahon kubogi 2000 yildan beri o‘tkazib kelinadi. Shu kunga qadar eng yosh chempion hisoblanib kelgan Levon Aronyan 2005 yilda 23 yoshida zafar quchgan edi. Endi esa bu rekord Sindarovga tegishli — u bor-yo‘g‘i 19 yoshda jahon kubogini qo‘lga kiritdi.
Ushbu zafar bilan Javohir nafaqat mamlakat tarixida, balki jahon shaxmatida ham yangi sahifa ochdi. Musobaqada kuchli uchlikka kirgan har bir shaxmatchi kabi u ham 2026 yilgi Jahon Chempionati uchun da’vogarlar turniriga rasmiy ravishda yo‘llanma oldi.
Eslatib o‘tamiz, amaldagi jahon chempioni hindistonlik Gukesh Dommaraju hisoblanadi. Sindarovning esa endi jahon tojiga bo‘lgan yo‘li ochiq — uni oldinda tarixiy imkoniyatlar, katta bahslar va yangi cho‘qqilar kutmoqda.
O‘zbekiston shaxmat maktabi yana bir bor dunyoga o‘z salohiyatini namoyon etdi — 19 yoshli chempion buning eng yorqin isbotidir.
“Zamin”ni Telegramʻda oʻqing!Mehmon guruhidagi foydalanuvchilar ushbu nashrga izoh qoldira olmaydi.