
«Liverpul»ning o‘tgan mavsumdagi chempionlik yo‘lida hal qiluvchi o‘rin tutgan Muhammad Saloh atrofida vaziyat yana keskinlashdi. Klub ichida bir necha oydan beri kuzatilayotgan inqiroz, bosh murabbiy Arne Slotning qarorlari va Salohning ko‘paygan noroziligi jamoa atmosferasini jiddiy o‘zgartirib yubordi.
Mavsum boshidan buyon Slot shtabining qarorlari so‘nggi turlarda ayniqsa namoyon bo‘ldi — Misrlik yulduz bir necha uchrashuvda asosiy tarkibdan o‘rin olmadi. Bu qaror Saloh uchun og‘ir zarba bo‘ldi va u buni yashirmadi.
«Ota-onamga qo‘ng‘iroq qilib, “Brayton”ga qarshi o‘yinga kelishlarini aytdim. O‘sha kuni maydonga tushamanmi – bu endi men uchun uncha ahamiyatli emas. Afrika Millatlar kubogi uchun terma jamoaga ketishimdan oldin «Enfild»da muxlislar bilan xayrlashmoqchiman. Chunki qaytib kelganimda bu yerda nima bo‘lishini hech kim bilmaydi», — dedi Saloh o‘ziga xos alam bilan.
13-dekabr kuni bo‘lib o‘tadigan «Liverpul» – «Brayton» uchrashuvi (20:00, Toshkent vaqti) Salohning klubdagi keyingi taqdiri uchun ham muhim belgiga aylanishi mumkin. Angliya matbuoti murabbiy va futbolchi o‘rtasidagi munosabat so‘nggi chegaraga yaqinlashganini ta’kidlamoqda. Klub rahbariyati esa vaziyatdan qutulish yo‘lini izlayotgani aytilmoqda.
Eslatib o‘tamiz, 33 yoshli Muhammad Saloh noyabr oyida BAAda o‘tgan xalqaro musobaqada Misr terma jamoasi safida O‘zbekistonga qarshi maydonga tushgandi. O‘sha bahsda milliy jamoamiz Afrika vakilini 2:0 hisobida maglub etgan va keyinroq finalda Eronni mag‘lub etib, musobaqa chempioniga aylangan edi.
Salohning keyingi qadami, u «Liverpul»da qoladimi yoki yo‘q — bu savol hozir nafaqat Angliya, balki butun futbol olamini qiziqtirib qo‘ygan. Z-avlodcha aytganda: vaziyat «juda spoylerli» ketayotgani aniq — yoki dramaning cho‘qqisi yaqin, yoki katta sahifa almashadi.
“Zamin”ni Telegramʻda oʻqing!Mehmon guruhidagi foydalanuvchilar ushbu nashrga izoh qoldira olmaydi.