
«Liverpul»ning tajribali hujumchisi Muhammad Saloh so‘nggi haftalarda OAV va muxlislar tomonidan bildirilayotgan tanqidlarga befarq qolmayapti. U nafaqat javob qaytarmoqda, balki o‘z maqomini aniq va ochiq bayonotlar bilan mustahkamlamoqda.
33 yoshli vinger hozirgi paytda Premer-ligada faol tarzda to‘p surib turgan futbolchilar ichida eng ko‘p gol urgan o‘yinchi sifatida qayd etiladi — uning hisobi 190 ta gol bilan boshqalardan ancha oldinda. Bu ko‘rsatkich Salohni liganing so‘nggi o‘n yillikdagi eng samarali hujumchilardan biri sifatida yana bir bor namoyon qiladi.
Uning aytishicha, barcha futbolchilarga, jumladan Erling Holandga ham chuqur hurmat bilan qaraydi. Biroq u barcha tanqidlarga qaramasdan, ayni paytda APLning eng yaxshi to‘purari aynan o‘zi ekanini ta’kidlab o‘tdi.
«Hammaga hurmatim baland. Holandni ham qadrlayman. Lekin bir narsani ochiq aytaman — hozir Premer-liganing eng yaxshi to‘purari menman. Erling hali bu bosqichga yetmagan. Albatta, u bunga albatta erishadi, buni istayman ham. U bundan xursand bo‘ladi. Biz o‘zaro hurmatga egamiz, u buni yaxshi biladi.
Biroq shunga qaramay, aynan men OAV va muxlislar oldida muntazam ravishda o‘zimni oqlashga majbur bo‘layapman. Buni tushuna olmayman», — dedi Saloh «Lids»ga qarshi 3:3 hisobida yakunlangan uchrashuvdan so‘ng. Ushbu o‘yinni u zaxirada o‘tkazdi.
Ta’kidlash joizki, Holand APLda 112 ta o‘yinda 100 ta gol kiritishga muvaffaq bo‘lgan. Bu esa uning kelajakda liganing bosh to‘purarlaridan biriga aylanish ehtimolini yanada kuchaytiradi.
Salohning bu qat’iy bayonoti unga bo‘lgan munosabat, tanqid va bosimlar fonida yanada qizg‘in muhokamalarga sabab bo‘lishi shubhasiz. Ammo bir narsa aniq — u o‘z merosi, statistikasi va to‘purarlik maqomini himoya qilishdan qaytmaydi va bu o‘ziga xos futbolchi xarakteri sifatida yana bir bor namoyon bo‘ldi.
“Zamin”ni Telegramʻda oʻqing!Mehmon guruhidagi foydalanuvchilar ushbu nashrga izoh qoldira olmaydi.