
«Liverpul» atrofida keyingi kunlarda yana turli bahs-munozaralar kuchaydi. Muhammad Salohning «Lids» bilan uchrashuvdan so‘ng bildirgan shov-shuvli fikrlaridan keyin klub rahbariyatining pozitsiyasi barcha muxlislar uchun qiziq mavzuga aylandi. Mersisaydliklar rahbariyati esa vaziyatga aniq yondashib, bosh murabbiy Arne Slotga to‘liq ishonch bildirishda davom etmoqda.
Ma’lumotlarga ko‘ra, jurnalist Ben Jeykobs tarqatgan xabarda Slotning klubdagi mavqei mutlaq xavf ostida emasligi, aksincha, rahbariyat uning ish uslubini qo‘llab-quvvatlayotgani qayd etilgan. Salohning keskin bayonoti esa muxlislar orasida turli reaksiyalarga sabab bo‘ldi.
Eslatib o‘tamiz, 33 yoshli vinger «Lids»ga qarshi 3:3 hisobidagi o‘yinda zaxirada qoldirilgani borasida qattiq norozilik bildirib, klubni ayblagan edi:
«Men jamoa uchun yillar davomida borimni berdim, ammo meni avtobus ostiga tashlashyapti. Afrika Kubogiga ketaman — qaytib kelganimda nima bo‘lishini bilmayman», — degandi u o‘sha uchrashuvdan keyin.
Ayni paytda klub rahbariyati Salohning kelasi o‘yinlarda ishtirok etish-etmasligi, xususan, Afrika Kubogi 21-dekabrda start olishidan oldin jamoaga foyda keltira olishi yoki yo‘qligini muhokama qilmoqda. Uning qisqa muddatdagi holati va ruhiy tayyorgarligi ham hisobga olinadi.
«Liverpul» ichidagi bu vaziyat muxlislar uchun yangi dramani eslatmoqda. Bir tomonda jamoaning tasdiqlangan strategi Slot, ikkinchi tomonda klubning asosiy yulduzlaridan biri — Saloh. Qanday bo‘lmasin, bu jarayon klubdagi ichki muhit va keyingi o‘yinlarga ham ta’sir qilishi tabiiy.
Mersisaydliklarni oldinda muhim uchrashuvlar kutmoqda va jamoaning ichki barqarorligi ushbu bosqichda katta ahamiyatga ega bo‘ladi. Taktikasini yo‘qotmaslik va yaxshi formada qolish esa asosiy vazifa bo‘lib turibdi.
“Zamin”ni Telegramʻda oʻqing!Mehmon guruhidagi foydalanuvchilar ushbu nashrga izoh qoldira olmaydi.