
Avval xabar berilganidek, taniqli bokschi va bloger Jeyk Pol sobiq jahon chempioni Entoni Joshuaga qarshi jang chog‘ida og‘ir jarohat olgan, xususan, uning jag‘i singan edi. Mazkur to‘qnashuvdan keyin sportchiga shifokorlar tomonidan jarrohlik amaliyoti o‘tkazilgani ma’lum qilingandi.
Oradan ko‘p o‘tmay, Jeyk Pol ijtimoiy tarmoqdagi sahifasi orqali sog‘lig‘i haqida muxlislariga yangilik ulashdi. Uning aytishicha, operatsiya muvaffaqiyatli o‘tgan va hozirgi holati qoniqarli.
«Yaqinda operatsiyadan chiqdim. Hammasi juda yaxshi o‘tdi. Jag‘imning ikki tomoniga titan plastinkalar o‘rnatildi, bir nechta tishlarim olib tashlandi. Qisqasi, barchasi nazorat ostida. Qo‘llab-quvvatlaganingiz uchun katta rahmat. Keyingi haftadan boshlab suyuq ovqat iste’mol qilishga ruxsat berishyapti. Mayami universiteti shifokorlar jamoasiga alohida minnatdorchilik bildiraman — hammasi juda mehribon va professional», — deb yozdi Pol.
Bokschi-bloger og‘ir jarohatga qaramay, ruhan sinmaganini ham bildirib o‘tdi. Uning so‘zlaridan kelib chiqib, tiklanish jarayoni bosqichma-bosqich kechmoqda va u tez orada mashg‘ulotlarga qaytishni rejalashtirmoqda.
Eslatib o‘tamiz, AQSHda bo‘lib o‘tgan mazkur jangda Entoni Joshua oltinchi raundda Jeyk Polni nokautga uchratgan edi. Shu bois, ushbu to‘qnashuv Pol faoliyatidagi eng og‘ir bahslardan biri sifatida yodda qoldi.
Hozir esa asosiy e’tibor tiklanishga qaratilgan. Muxlislar esa Jeyk Polning ringga qachon qayta olishini qiziqish bilan kutmoqda.
“Zamin”ni Telegramʻda oʻqing!Mehmon guruhidagi foydalanuvchilar ushbu nashrga izoh qoldira olmaydi.