
Amerikalik grossmeyster Xans Nimann Nomzodlar turniri oldidan kutilmagan va biroz bahsli fikr bildirdi. Uning ta’kidlashicha, mashhur shaxmatchi Xikaru Nakamura ushbu musobaqada asosiy favorit sifatida ko‘rilmasligi kerak. Nimannning shaxsiy bahosiga ko‘ra, bugungi kunda Sindarov ancha barqaror va kuchli formada.
So‘nggi yillarda shaxmat jamoatchiligida keskin chiqishlari va mustaqil qarashlari bilan tanilgan Xans Nimann Nakamuraning tayyorgarlik yo‘lini jiddiy tanqid qildi. Uning fikricha, reyting ochkolarini yig‘ish maqsadida nisbatan kuchsiz va havaskor turnirlarda ko‘p qatnashish Xikaruning umumiy o‘yin saviyasiga salbiy ta’sir ko‘rsatmoqda.
Nimann Nakamuraning FIDE rasmiylari, xususan Emil Sutovskiy haqidagi chiqishlarini ham tanqid ostiga oldi. U bu bayonotlarda ortiqcha tajovuzkorlik va professional sportchiga yarashmaydigan ohang borligini ta’kidlab, bunday munosabat katta musobaqalar nufuziga soya solishi mumkinligini aytdi.
Shaxmatchi, shuningdek, Nakamuraning so‘nggi partiyalarida ham ishonchlilik yetishmayotganiga e’tibor qaratdi. Nimannga ko‘ra, Xikaru ayrim hollarda kuch jihatdan pastroq raqiblarga qarshi ham qiynalmoqda va oson g‘alabalarga erisha olmayapti.
«Agar yaqin vaqt ichida jiddiy o‘zgarish bo‘lmasa, Nakamurani Nomzodlar turnirida asosiy da’vogar sifatida ko‘rish qiyin. Men shaxsan Sindarovni undan ustun qo‘yar edim», — deya o‘z fikrini ochiq bayon qildi Nimann.
Shu bilan birga, u turnirdagi boshqa kuchli nomzodlar sifatida Fabiano Karuana va Praggnanandxaani ham tilga oldi. Nimannning ushbu bayonoti Nomzodlar turniri oldidan shaxmat muxlislari orasida qizg‘in muhokamalarga sabab bo‘lishi aniq.
“Zamin”ni Telegramʻda oʻqing!Mehmon guruhidagi foydalanuvchilar ushbu nashrga izoh qoldira olmaydi.