Jahon toji uchun jang: Shaxmat elitasi nega Gukeshga qarshi bahsda Sindarovni favorit deb hisoblamoqda?

QisqachaAI yordamida tayyorlanganKo‘rsatish
- 2026-yilgi Jahon toji uchun kechadigan matchda ko‘pchilik shaxmat mutaxassislari O‘zbekiston vakili Javohir Sindarovni favorit deb hisoblamoqda.
- 18 nafar nufuzli ekspertning 10 nafari aynan Sindarovning g‘alaba qozonishiga ishonch bildirgan, 6 nafari esa imkoniyatlarni teng baholagan.
- Magnus Karlsen, Yan Nepomnyashiy va Vladislav Artemiyev kabi taniqli grossmeysterlar ham Javohir Sindarovning ustunligini ta’kidlagan.
2026 yilgi shaxmat olamining eng kutilgan va muhim voqeasi — amaldagi jahon chempioni Gukesh Dommaraju hamda da’vogar Javohir Sindarov o‘rtasidagi Jahon toji uchun kechadigan match tobora yaqinlashmoqda. Jenevada bo‘lib o‘tadigan ushbu tarixiy uchrashuv oldidan dunyoning yetakchi grossmeysterlari, taniqli ekspertlari va mashhur shaxmat blogerlari o‘z taxminlari bilan o‘rtoqlashdi.
UzChess xabari hamda rookreview.com tahliliy platformasi jamlagan 18 nafar nufuzli mutaxassisning xulosalariga ko‘ra, ustunlik kutilmaganda O‘zbekiston vakili tomonida:
10 nafar ekspert — Javohir Sindarovni bo‘lajak matchning asosiy favoriti deb biladi.
6 nafar mutaxassis — ikki yosh vunderkindning imkoniyatlarini teng (50/50) baholagan.
Atigi 2 kishi — hindistonlik amaldagi chempion Gukeshning g‘alabasiga ishonch bildirgan.
Karlsen Sindarovni tanladi, Nakamura esa Gukesh tomonda
Shaxmat bo‘yicha ko‘p karra jahon chempioni va sayyoramizning birinchi raqamli shaxmatchisi Magnus Karlsen ochiqchasiga Sindarovning muvaffaqiyatini kutayotganini bildirgan. Norvegiyalik yulduz o‘zbek grossmeysterining o‘yinini har tomonlama mukammalroq va barqarorroq deb atagan.
Jahon toji uchun ikki bor bahs olib borgan Yan Nepomnyashiy imkoniyatlarni 65:35, rossiyalik kuchli grossmeyster Vladislav Artemiyev esa 60:40 nisbatida aynan Sindarov foydasiga baholagan. Shuningdek, grossmeyster Aleksandr Shimanov Sindarovning imkoniyatini hatto 100% deb ko‘rsatgan bo‘lsa, Lyuk Maksheyn va Andrey Yesipenko ham Javohirni «aniq favorit» sifatida e’tirof etgan.
Bunga zid ravishda, AQSH vakili Hikaru Nakamura Gukeshni mutlaq favorit (100%) deb atab, amaldagi chempion ruhiy bosimni yengib o‘ta olsa, raqibiga hech qanday imkoniyat qoldirmasligi mumkinligini ta’kidlagan. Belarus vakili Denis Lazavik ham Gukeshning tarafini olgan kam sonli ekspertlardan bo‘ldi.
Ekspertlar fikri va baholarining to‘liq jadvali:
Sana | Mutaxassis | Gukesh | Sindarov |
14.09.2026 | Magnus Karlsen (Norvegiya) | — | Favorit |
10.09.2026 | Maksim Vashe-Lagrav (Fransiya) | 50% | 50% |
08.09.2026 | Yan Nepomnyashiy (FIDЕ) | 35% | 65% |
27.08.2026 | Vladislav Artemiyev (FIDЕ) | 40% | 60% |
10.08.2026 | Yan-Kshishtof Duda (Polsha) | — | Favorit |
01.08.2026 | Dina Belenkaya (FIDЕ) | 20% | 80% |
01.08.2026 | Mayk Klyayn (AQSH) | 50% | 50% |
30.07.2026 | Lyuk Maksheyn (Angliya) | — | Aniq favorit |
25.07.2026 | Anish Giri (Niderlandiya) | 50% | 50% |
22.07.2026 | Hans Moke Nimann (AQSH) | 50% | 50% |
17.07.2026 | Aleksandr Shimanov (FIDЕ) | 0% | 100% |
09.06.2026 | Pravin Tipsey (Hindiston) | 50% | 50% |
28.05.2026 | Denis Lazavik (Belarus) | Favorit | — |
22.05.2026 | Andrey Yesipenko (FIDЕ) | — | Aniq favorit |
21.05.2026 | Faustino Oro (Argentina) | — | Favorit |
14.05.2026 | Levi Rozmanov (GothamChess) (AQSH) | 45% | 55% |
01.05.2026 | Vinsent Kaymer (Germaniya) | 50% | 50% |
16.04.2026 | Hikaru Nakamura (AQSH) | 100% | 0% |
Toj uchun jang qachon va qayerda bo‘ladi?
Gukesh Dommaraju hamda Javohir Sindarov o‘rtasidagi FIDE Jahon chempionligi matchi 22 noyabrdan 12 dekabrgacha Shveysariyaning Jeneva shahrida bo‘lib o‘tadi.
Reglamentga muvofiq, ilk klassik partiya 24 noyabr kuni boshlanadi. Shaxmat mutaxassislarining ko‘pchiligi ustunlikni hamyurtimizga berayotgani bahs oldidan qiziqish va intrigani misli ko‘rilmagan darajada oshirib yubordi.































Izohlar 0
…