Mxitariyan Kivuning «Inter»dagi ishini yuqori baholadi

«Inter» yarim himoyachisi Genrix Mxitariyan jamoa bosh murabbiyi Kristian Kivu haqida fikr bildirdi. Kivu jamoani yozda, Chempionlar ligasi finalida «PSJ»ga 0:5 hisobida yutqazilganidan ko‘p o‘tmay qabul qilib olgandi.
Mxitariyandan o‘sha omadsiz finaldan keyin Kivu jamoaga yordam bera oldimi, deb so‘rashdi. «Kivu ajoyib futbolchi bo‘lgan va o‘zi ham shunga o‘xshash vaziyatlarni boshdan kechirgan.
U bizning holatimizni tushundi va ayrim gaplari bilan bizga ishonch, umid hamda energiya berdi. U o‘tmishni o‘zgartirib bo‘lmasligini, ammo kelajakni o‘zgartirish mumkinligini aytdi.
Biz harakat qilyapmiz, uning g‘oyalariga amal qilyapmiz va mehnat orqali yanada yaxshiroq bo‘lishga intilyapmiz. Birinchi kundanoq Kivu jamoani keskin o‘zgartirishni istamadi.
Juda aqlli bo‘lgan Kivu Indzagi bilan o‘tgan to‘rt yildan keyin o‘zgarish qilish oson bo‘lmasligini tushundi. U bizni birlashtirdi va birga bo‘lsak, xohlagan manzilimizga yetib borishimiz mumkinligiga ishontirdi», — dedi Mxitariyan Cronache Di Spogliatoio nashriga bergan intervyusida.
«Inter» Italiya chempionatida peshqadamlik qilmoqda.