
2026 yil mart oyida jang sportlari tarixida yangi sahifa ochilishi kutilmoqda. Rekord darajadagi sovrin jamg‘armasiga ega global turnir start oladi va u nafaqat ishtirokchilar soni, balki mukofot miqyosi bilan ham butun dunyo muxlislarini hayratga solishi tayin.
Ushbu loyiha Bare Knuckle Fighting Championship tashabbusi bilan va Kiss Fly Productions hamkorligida amalga oshirilishi rejalashtirilgan. Turnirda 84–120 kg vazn toifasida, ya’ni o‘rta vazndan og‘ir vazngacha bo‘lgan diapazonda 32 nafar jangchi ishtirok etadi.
Eng katta intriga — bosh sovrin. Musobaqa g‘olibi to‘g‘ridan to‘g‘ri 15 million dollarga ega bo‘ladi. Bu summa jang sportlari uchun mutlaq rekord hisoblanadi.
Sovrin jamg‘armasi quyidagicha taqsimlanadi:
– 1-o‘rin: 15 million dollar
– 2-o‘rin: 1 million dollar
– 3–4-o‘rinlar: 500 ming dollar
– 5–8-o‘rinlar: 300 ming dollar
– 9–16-o‘rinlar: 200 ming dollar
– 17–32-o‘rinlar: 100 ming dollar
– zaxiradagi jangchilar: 50 ming dollar
Devid Feldman, BKFC prezidenti, mazkur musobaqa 12 oy davom etishini ma’lum qildi. Uning so‘zlariga ko‘ra, liga Gran-pri janglari paytida olingan jarohatlar sabab jangchilarga majburiy tanaffus davri uchun ham moliyaviy kompensatsiya to‘lashni rejalashtirmoqda. Bu esa sportchilar xavfsizligiga jiddiy e’tibor qaratilayotganidan dalolat.
Birinchi turnir 2026 yil mart oyida Los-Anjeles shahrida bo‘lib o‘tadi. Final esa aniq bir yil o‘tib, Yaqin Sharq hududida tashkil etilishi rejalashtirilgan.
Turnirga bo‘lgan qiziqishni yanada oshiradigan jihat — Konor Makgregorning ishtiroki. Irlandiyalik superyulduz bu musobaqada jangchi sifatida emas, balki boshlovchi va shoumen sifatida sahnaga chiqadi.
Feldman, shuningdek, 2026 yil o‘rtalaridan boshlab ayollar uchun ham xuddi shu formatdagi yirik turnirni yo‘lga qo‘yish rejada ekanini ta’kidladi. Bu esa loyihaning uzoq muddatli va global xarakterga ega ekanini yana bir bor tasdiqlaydi.
Qisqasi, 15 million dollarlik bosh sovrin, yulduzli ishtirokchilar va bir yillik dramatik janglar — 2026 yil jang muxlislari uchun unutilmas yil bo‘lishi aniq.
“Zamin”ni Telegramʻda oʻqing!Mehmon guruhidagi foydalanuvchilar ushbu nashrga izoh qoldira olmaydi.