Superliga-2026. Taqvim rejasi klublar bilan kelishildi

25 dekabr kuni Assotsiatsiya milliy jamoa bosh murabbiyi Fabio Kannavaroning JCH-2026 uchun rejasini O‘zPFLga taqdim etgach, Superliga-2026 taqvim rejasida o‘zgarishlar yuz bergan.
O‘zPFL xabariga ko‘ra, endilikda may oyining 5-sanasidan boshlab Superliga uchrashuvlarini o‘tkazish imkoniyati mavjud emas. Shu tariqa Liga avgust oyidayoq ishlab chiqilgan taqvim rejasini o‘zgartirishga majbur bo‘ldi.
«Biz 24 soat ichida yangi rejani klublarga taqdim etdik va ular belgilangan muddatda yangi taqvimga rozilik bildirdi. Milliy jamoa 5-may sanasidan e’tiboran mahalliy futbolchilar ishtirokida yig‘inga kirishadi va 10, 17, 24 may kunlari Superliganing yetakchi klublariga qarshi o‘rtoqlik o‘yinlarida ishtirok etadi. Jarayon iyun oyidagi FIFA kunlari hamda jahon chempionatiga ulanib ketadi.
May, iyun, iyul oylari davomida katta tanaffus yuzaga kelayotgani, bu Superliga yaxlitligiga ta’sir ko‘rsatayotganligini inobatga olgan holda, may oyining qolgan qismi O‘zbekiston kubogi bilan davom ettiriladi.
O‘z navbatida, Liga Osiyo kubogi-2027 yaqinlashib kelayotganligini ham hisobga oldi. Bosh jamoaga nomzod futbolchilarning dekabr oyi davomida qisqa ta’tilga chiqishi va keyinchalik Osiyo kubogi oldidan yig‘inlarga kirishishi dolzarb masala hisoblanadi. Shuni inobatga olgan holda, JCH-2026 yakunidan keyinga reja qilinayotgan mavsumning ikkinchi qismi 20 iyul sanasidan davom ettiriladi.
Superliganing so‘nggi turi 3 dekabr sanasiga to‘g‘ri keladi. O‘tish o‘yinlari va O‘zbekiston kubogining yarim finalida ishtirok etmaydigan klublar shu sanadan keyin tanaffusga yo‘l oladi. O‘tish o‘yinidan joy olgan jami to‘rt uchrashuv qisqa vaqt ichida tashkil etilishi, og‘ir mavsumdan keyin klublar uchun ehtimoliy raqiblardan kelib chiqadigan lokatsiya bilan bog‘liq muammolarni yengillashtirish, futbolchilarning uchrashuvlar oralig‘ida tiklanish imkoniyatlarini hisobga olib, markazlashtirilgan holda Toshkentda o‘tkaziladi», - deyiladi O‘zPFL xabarida.
Qayd etilishicha, yozgi transfer oynasi 22 iyun — 24 iyul sanalari oralig‘iga to‘g‘ri keladi. Mazkur davrda klub safiga kelib qo‘shilgan yangi futbolchining qaydnomaga kiritilishiga Superliganing 14-turidan e’tiboran ruxsat beriladi.
“Zamin”ni Telegramʻda oʻqing!