Xabi Alonso Simeonega javob qaytardi: hurmatning ham chegarasi bor...

Madridning «Real» jamoasi bosh murabbiyi Xabi Alonso Ispaniya Superkubogi yarim finalidagi tortshuvli lahzalardan so‘ng «Atletiko» ustozi Diyego Simeonening xatti-harakatlariga munosabat bildirdi. Uning fikricha, futbolda emotsiya bo‘lishi tabiiy, ammo hurmat degan narsaning ham o‘z “qizil chizig‘i” bor.
Alonso As nashriga bergan intervyusida, odatda raqib jamoa futbolchilariga ehtirom bilan yondashishini, ular bilan bahsga kirishmaslikka harakat qilishini aytdi. Mutaxassis shu bilan birga Simeonening Vinisius Junior haqida aytgan gaplari unga yoqmaganini ham yashirmadi.
«Bu sportga xos xulq-atvorning eng yaxshi namunasi emas. Raqibni hurmat qilish kerak. Futbol maydonida sodir bo‘layotgan holatlarning ham o‘z chegarasi bor», — dedi Xabi Alonso.
Eslatib o‘tamiz, o‘yin davomida Diyego Simeone Vinisius Junior bilan tortishib qolgan. «Atletiko» murabbiyi braziliyalik futbolchiga «Real» prezidenti Florentino Peres uni sotib yuborishini aytib murojaat qilgani haqida xabar qilindi. Bu epizod maydondagi raqobatni yanada qizdirib, muxlislar e’tiborini ham o‘ziga tortdi.
Shunga qaramay, bahs maydonda hal bo‘ldi: «qaymoqranglar» «matraschilar»ni 2:1 hisobida mag‘lub etib, Ispaniya Superkubogi finaliga yo‘l oldi. Ya’ni, o‘yindan keyingi gap-so‘zlar qancha ko‘paymasin, tabloda yozilgan hisob hammasiga nuqta qo‘ydi.
Qisqasi, Alonso pozitsiyasi aniq: g‘alaba ham, mag‘lubiyat ham bo‘ladi, ammo katta futbolda katta madaniyat ham talab qilinadi. Muxlislar esa endi boshqa bir narsani kutayapti — finalda «Real» qanday javob beradi? Maydondagi javob, har doim, eng qattiq va eng ishonchli javob.
“Zamin”ni Telegramʻda oʻqing!